Breaking News

O’zbekiston xususiylashtirish kampaniyasini boshlamoqda


O’zbekistonda xususiylashtirishning yangi pallasi boshlanar ekan, korrupsiya darajasi hamon yuqori, sarmoya muhiti noshaffof bir sharoitda bu jarayon qanday kechishi yuzasidan xavotir kuchli. Xususiylashtirish bo'ladimi yoki taqsimlash? Mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatni tahlil qilib kelayotgan mutaxassislar shu savolni o'rtaga tashlamoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu kunlarda davlat mulklarini xususiylashtirish, shuningdek, tizimda shaffoflikni oshirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga doir hujjatlarni imzoladi.

Prezident farmonida hukumat tasarrufida qolayotgan ikki mingdan oshiq davlat aktivlari, yuzlab yirik korxonalar, inshootlarni xususiylashtirish, sotuvga chiqarish haqida gap boradi. Bundan tashqari davlat tasarrufidagi yirik monopolist kompaniyalarni transformatsiya qilish belgilangan.

Xususiylashtirilish matbuotga ham tegishli. Farmonga muvofiq 100 dan oshiq gazeta-jurnal, bosmaxona va nashriyotlar sotilishi rejalangan.

Toshkent, 28-oktabr, 2020
Toshkent, 28-oktabr, 2020

Hozirgacha to’liq yoki qisman hukumat tasarrufida qolayotgan markaziy mehmonxonalar, savdo markazlari, imoratlar, jumladan avval Davlat xavfsizlik xizmatining markaziy idorasi joylashgan bino ham sotuvga qo’yiladi.

O’zbekiston uchun xususiylashtirish kampaniyasi yangi emas.

“Ochiq aytish kerak: oldin ham xususiylashtirish boʻyicha koʻplab qarorlar qabul qilingan. Lekin birorta rahbar pastga tushib, bu sohadagi bilim va metodikani joylarga yetkazmagani sababli koʻp korxona va obyektlar sotilmasdan turibdi, na davlatga, na tadbirkorga naf keltiryapti”, - dedi Prezident Mirziyoyev bu masalada kechgan majlisda.

Davlat rahbari nazarda tutayotgan qarorlar oldingi prezident Islom Karimov davrida qabul qilingan edi. U paytda nafaqat mamlakat iqtisodiyoti, balki siyosiy tuzumning o'zi yopiq edi. Mirziyoyev esa Karimov qo'li ostida bosh vazir lavozimida ishlagan.

Mirziyoyevning to’rt yillik boshqaruvi davomida iqtisod, moliya, ijtimoiy sohalarda qator islohotlar amalga oshirildi. Ammo bu islohotlar tizimga yetarlicha shaffoflik olib kelmagan. Ayrim ko’rsatkichlar, xususan korrupsiya darajasi yanada chuqurlashgan, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan tahlilchilar.

Ularning kuzatishicha, mamlakatda shubhali investorlar ishtiroki faollashgan.

Iqtisodchi Saparboy Jubayev Ozbekiston Moliya vazirligining sobiq mutaxassislaridan, Karimov davridagi xususiylashtirish jarayonida hukumat lavozimida ishlagan.

Toshkent, 28-oktabr, 2020
Toshkent, 28-oktabr, 2020

Jubayev iqtisodchi sifatida davlatning bozor talablariga ko’ra ishlash qarorini olqishlaydi, ammo avvalgi yillardagi tajribadan kelib chiqib, xususiylashtirishga doir yangi farmon ham qo’shimcha ilovalar bilan to’ldirilgani, bank, moliya, iqtisodiy siyosat yuritilishiga doir siyosat ham avvalgi davrdan uzoqqa ketmaganini ta’kidlaydi.

“Men yangi qarorni sinchiklab o’qib chiqdim. Bu kabi yirik xususiylashtirish qarori Karimov davrida ham qabul qilingan edi. Lekin o’sha paytda siyosat, korrupsiya bunga xalaqit berdi, amalga oshmadi. Xo’sh, bugungi vaziyat bu qarorning amalga oshishiga qanchalik mos? Afsuski, eng asosiy ko’rsatkich investitsiya muhiti yaxshilanmadi. Bizning ichki moliyaviy resurslarimiz yetarli emas ekan, jiddiy iqtisodiy siljish qilish uchun faqat tashqi investitsiyaga umid qilish mumkin. Bank, moliya sohasi ham erkin emas. 2016-2017 yillarda bu sohada rejalangan islohot hamon amalga oshmadi. Shaffoflik bo’lmadi. Korrupsiya bilan bog’liq vaziyat o’zgarmadi. Bunday sharoitda yirik xususiylashtirish kampaniyasini boshlash turli shubhali yo’llar orqali davlat mulki taqsimlanishiga ham xizmat qilishi mumkin”, - deydi Jubayev.

Ekspertga ko’ra, xususiylashtirishning mohiyati oddiy, samarasiz ishlayotgan davlat mulklari sotuvga qo’yilmoqda. Hukumatda bu korxonalarni rivojlantirish uchun mablag’ yo’q. Xorijda esa shunday imkoniyat, bozor kutayotgan sarmoyadorlar ko’p, pul tikishga hozir, faqat sog’lom muhit, ochiqlik, qonun ustuvorligi, erkinlik evaziga".


"Hujjatda juda ko’p shartlar belgilangan, investor uchun bu shartlar xususiylashtirilgan taqdirda ham davlat ishtiroki saqlanib qolishiga ishora berishi mumkin. Xususiy mulkka doir qarorni ortiqcha ilovalarsiz, shartlasiz, sodda tushunarli ishlab chiqish kerak edi”, - deydi Jubayev.

Mamlakatga kirayotgan xorij kapitali ortida bir paytlar mamlakatning o’zidan olib chiqib ketilgan shubhali mablag’lar yoki asli o’zbekistonlik bo’lgan fuqarolarning xorijda ochgan shirkatlari turgani haqida ma'lumotlar bor.

Bu guruhlar O’zbekistonda boshlanayotgan yangi xususiylashtirish kampaniyasida qanday o’rin tutishi mumkin?

“Men shuning uchun ham aytyapman, xavotirli bo’lishi mumkin deb. Xorijdan kelayotgan sarmoyaning asosiy ko’rsatkichi albatta yangi texnologiyalar bo’lishi kerak. Investitsiya xorijga olib chiqib ketilgan mablag’ning qaytarilishidan iborat bo’lmasligi kerak. Bu gumon albatta to’g’ri, ayniqsa farmonda turli shartlar ko’pligi inobatga olinsa, bu shartlar o’zimizning mahalliy oligarxlar foydasi uchun ishlasa. Unda, tabiiy, xorij sarmoyasini kutmasa ham bo’ladi. Ular sarmoya muhiti yomonligi uchun mablag’ yotqizmaydi. Agar shunday bo’lgan taqdirda, albatta mulk mahalliy oligarxlar o’rtasida xususiylashtiriladi, va bu xalq mulkini xususiylashtirish emas, taqsimlash bo’ladi”, - deydi Jubayev.

Prezident farmoni qonunchilikda ham o’zgarishlar bo’lishini, uch oy muddatda “Davlat mulkini boshqarish to’g’risida” va “Xususiylashtirish to’g’risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilishini nazarda tutadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG