Breaking News

Robert Rayli "Amerika Ovozi" direktori bo'ladi


"Amerika Ovozi" teleradiosiga 2001-2002 yillarda rahbarlik qilgan Robert Rayli yana uning direktori bo'ladi. Tashkilotni boshqaruvchi AQSh Global Media Agentligi buni e'lon qildi. Rayli keksa yozuvchi va sobiq diplomat.

Agentlik ayni damda federal tekshiruv ostida. Uni shu yilning iyun oyidan beri yuritib kelayotgan Maykl Pek Prezident Donald Tramp tomonidan tayinlangan. Jo Bayden prezidentlikka kelishi bilan uning ishdan olinishi kutilmoqda. Shunday ekan, Rayli ham yangi lavozimda qancha qolishi mavhum.

Pek nazarida "Amerika Ovozi"ga Rayli singari milliy manfaatlar va tashqi siyosatni tushunadigan va bu sohalarda pishgan rahbar zarur.

Rayli tashkilotga mehri balandligini bildirgan.

"Men hamisha "Amerika Ovozi"ning AQShda nima bo'layotganini dunyoga olib chiqishdek muhim vazifasiga jiddiy qaraganman", - deydi u.

Ayni damda Rayli 2009-yilda ochilgan Uestminster instituti direktori. Bu tadqiqot markazi ekstremizm va erkinlik bo'yicha izlanishlari bilan tanilgan. Rayli shu va boshqa mavzularda bir necha kitob muallifi.

Yarim yildan beri "Amerika Ovozi" muvaqqat direktori Elez Biberay bo'lib, ungacha u teleradioning Yevrosiyo bo'limi rahbari edi. Yangi direktor kelgach, faxriy jurnalist eski ishiga qaytadi.

Biberay "Amerika Ovozi" jamoasiga yozgan maktubida o'tgan olti oy tashkilot tarixidagi eng murakkab davr bo'lganini qayd etadi. Unga ko'ra, AQSh Global Media Agentligi rahbariyati mavjud tartib-qoidalarni buzgan, tashkilot erkinligiga raxna solgan va bu jarayonlar axborot vositasiga bo'lgan ishonchni xavf ostiga qo'ygan. Biberay bu ishonchni qozonish uchun "Amerika Ovozi" qattiq mehnat qilganini va unga uzoq yillar davomida erishilganini eslatadi.

Pek agentlik rahbariga aylangach, u nazorat qiladigan tashkilotlarning boshliqlari, jumladan "Ozodlik" radiosining prezidenti ishdan olindi. Chet ellik jurnalistlarning vizalari yangilanmadi hamda qator muxbir va muharrirlar faoliyati yuzasidan tekshiruvlar boshlandi.

Federal sud o'tgan oy chiqargan hukmga ko'ra, Pekning agentlik iznidagi biror tashkilot jurnalistining ishi va jurnalistikasiga aralashishga haqqi yo'q. Tahririy masalalarni axborot vositalaridagi mas'ullar hal qiladi, deyiladi qarorda. Qonunlar bu tashkilotlarning erkinligini himoya qiladi.

Pek AQSh Global Media Agentligiga kiradigan teleradiolarning rahbarlarini tayinlash vakolatiga ega, jumladan "Amerika Ovozi", "Ozodlik", "Erkin Osiyo" hamda Kuba va Yaqin Sharq uchun mo'ljallangan axborot vositalari. Agentlikka mablag'ni Kongress ajratadi. 2020-yilda uning byudjeti 600 milliondan oshiqni tashkil etgan.

Amerika qonunchilari Pekning qarorlarini tanqid qilib, unga federal qonunlarni eslatib turibdi. Ularga ko'ra, Amerika hukumati bu tashkilotlarning ishiga aslo halal bermasligi va ularning faoliyatiga, xususan materiallariga ta'sir qilishga mutlaqo urinmasligi kerak.

"Amerika Ovozi" 1942-yilda tashkil topgan. Mingga yaqin xodimi bor. Yillik byudgeti 250 million dollardan ziyod. Haftalik auditoriyasi 280 milliondan oshadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG