Breaking News

Tashqi siyosat markazi: Tojikistonda tuzum haddidan oshmoqda


Tojikiston qishloqlarida
Tojikiston qishloqlarida

10 millionga yaqin aholiga ega Tojikiston mustaqil davlatga aylanganidan beri deyarli 30 yil o'tdi. Muxolifat toqat qilinmaydigan, inson huquqlari sistematik ravishda toptaladigan bu mamlakat hozir dunyodagi eng qashshoq va qoloq davlatlardan biri. Londonda asoslangan Tashqi siyosat markazi shu kunlarda bu davlat haqida tahlilnoma chop etdi.

Avtoritar rejim 1990-yillarda qonli fuqarolik urushini boshdan kechirgan jamiyatda astalik bilan shu qadar ildiz otdiki, bugun uni savolga tutish uzoq yillik qamoq va qiynoq demakdir, deya ogohlantirmoqda faollar.

Tashqi siyosat markaziga ko'ra, Tojikistonni 1997-yildan beri boshqarib kelayotgan Emomali Rahmon hokimiyatni o'z oilasi, yaqinlari va homiylariga bo'lishib, norozilik bildirgan biror tomonga shavfat qilmaydi.

Tojikistonlik mutaxassislar va faollar, shuningdek, g'arblik olimlar yozgan maqolalarda siyosat, iqtisod, fuqaro jamiyati, ommaviy axborot vositalari va erkinliklar haqida so'z yuritiladi.

Xulosa shuki, Tojikiston hozirda global reytinglarda har jihatdan eng pastki o'rinlarda. Chunki, deydi mualliflar, hukumat bosim orqali bo'ysundirish va mutlaq buyruqbozlikka asoslangan boshqaruvni kuchaytirib, xalqning ovozini o'chirgan. Odamlar o'zini senzura qilib yashaydi va ishlaydi.

Tojikiston masjidlarida
Tojikiston masjidlarida

Tashqi dunyoning roli cheklangan. Tojikiston bilan hamkorlik o'zaro manfaatlar yo'lida olib borilgani uchun ko'p hollarda bu mamlakatdagi og'ir ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy dinamikaga ko'z yumiladi, deya tahlil qiladi ekspertlar. Qisqa muddatli loyihalar uzoq muddatli yechimlar tomon yetaklamaydi.

Tashqi siyosat markazi hisobotiga hissa qo'shgan mutaxassislar, xususan tojikistonlik ekspertlar Parviz Mullajonov, Shoira Olimova, Dilbar To'raxonova, Fayziya Nazarova va Nigina Baxriyeva G'arb hukumatlarini iloji boricha ijobiy o'zgarishlar qilish uchun turtki berishga, ta'sir o'tkazishga undaydi.

Hukumatga bosim o'tkazilmasa, deydi ular, rahbariyat yanada haddidan oshib, Tojikiston xalqining hayoti tobora qiyinlashaveradi, bu esa hech qachon tinchlikka yetaklamagan.

Tojikiston iqtisodiy jihatdan har yili yuzlab million dollarlik xorijiy yordamga muhtoj. Ekspertlar nazarida shu bois ham chet el bosimi ish berishi mumkin. Ko'makni muayyan sohalarda progress bo'lishi sharti bilan berish lozim. G'arb talabchanroq bo'lsin, deydi ular.

Sarmoya qilish va qarz berishga korrupsiyaga qarshi chora ko'rish lozim. Tojikistonning yulg'ich elitasini xalqaro moliyaviy va iqtisodiy tizimlardagi imkoniyatlardan ayirish yoki cheklash bilan ham ahvolni yaxshilash mumkin, deya qayd etiladi.

Tahlilnomaga ko'ra, xorijdagi tojikistonlik faollarni quvvatlash ham bu xalqqa yordam bo'ladi. Hukumat ularni qaytarishni va vatanda jazolashni xohlaydi. Chet el davlatlari bunga aslo yo'l qo'ymasligi kerak, deya undaydi Tashqi siyosat markazi.

Emomali Rahmon Tojikistonni 1994-yildan beri boshqarib kelmoqda
Emomali Rahmon Tojikistonni 1994-yildan beri boshqarib kelmoqda

Tojikiston hukumatiga ekspertlardan tavsiyalar:

- Turli davlatlarda yashayotgan tanqidchilarni tinch qo'ying. Ularni tutib, vatanga majburan olib kelish va qiynoqqa solishni bas qiling.

- Prezident va mutasaddilarni haqorat qilishni jinoyat deb hisoblovchi qonunlarni bekor qiling.

- Siyosiy raqiblar va muxolifatni ekstremist deb jazolamang. Bu boradagi qonunlarni o'zgartiring.

- Tizimdagi korrupsiyaga qarshi kurashing.

- Lavozimni suiiste'mol qilishga nisbatan keskinroq choralar ko'ring. Nazoratni ta'minlovchi mustaqil mexanizmlar bo'lsin.

- Majburiy tibbiy ko'riklarni tugating, jumladan OITS tekshiruvini, jumladan oila qurish, ishlash va o'qish uchun.

- Axborotni cheklamang. Bloklangan saytlarni oching.

- Mamlakat ichida bemalol ko'chib yurish uchun yo'l oching, Propiska tizimini bekor qiling.

- Aholi shaharlarda imkoniyat izlay olsin. Taraqqiyotga hissa qo'shishni xohlaganlarga tazyiq o'tkazilmasin.

- Tarixiy obidalar sistemasini isloh qiling. Bu sohada ishlash osonlashsin.

- Xotin-qizlar uchun sharoitni yaxshilang. O'qish, ishlash yengillashsin. Jinsiy tenglikni ta'minlash uchun harakat qiling.

- Oilada va ish joyida zo'ravonlikka qarshi choralarni kuchaytiring.

- Ayollarga tajovuz qilganlar, ayniqsa huquq-tartibot tizimida bunday jinoyatlarni amalga oshirganlar jazolansin, adolat ta'minlansin.

G'arb hukumatlariga ekspertlardan tavsiyalar:

- Xalqaro moliya institutlari Tojikiston hukumati bilan qanday ishlashi qayta ko'rib chiqilsin. Davlat byudjetiga ko'maklashuvchi dasturlar elakdan o'tkazilsin.

- Korrupsiyada gumon qilingan rasmiylar AQSh qonunlari asosida jazolansin. Ularga nisbatan cheklovlar joriy etilsin.

- Ijtimoiy tarmoqlarda Tojikiston hukumati o'z fuqarolarining erkinliklarini buzishiga yo'l qo'yilmasin. G'arbdagi internet kompaniyalar Rahmon rahbariyatiga bosh egmasin, u bilan hamkorlik qilmasin.

- Tojikistonga Yevropa Ittifoqi bilan savdo qilishni yengillashtiruvchi imkoniyatlar berilmasin. Bu boradagi harakatlarni muayyan shartlar asosida to'xtatib, Dushanbega talablar qo'yilsin.

- Britaniya Tojikistonni huquq bo'yicha qora ro'yxatga qo'shsin.

- Siyosiy boshpana so'rayotgan va qochqin sifatida najot izlayotgan tojikistonliklarning dardini tinglang, ularga yordam bering. Ayniqsa, muxolifatchilar va faollarning vatanda ezilayotgan yaqinlariga, deyiladi tahlilnomada.

Tojikiston hukumati xalqaro maydonda yangrayotgan tanqidlarni "bizni tushunmaysiz" degan qabilda inkor etadi. Rahmon ma'muriyatiga ko'ra, Tojikistonda islohotlar davomiy va xalq bugun har doimgidan ham yaxshiroq yashamoqda. Tashqi siyosat markazi tahlilnomasi hukumatga ham uzatilgan. Dushanbedan biror rasmiy munosabat kuzatilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG