Breaking News

Tolibon O’zbekistonga bosim o’tkazayaptimi?


Tolibon maxsus kuchlari Kobul ko'chalarida
Tolibon maxsus kuchlari Kobul ko'chalarida
Xalqaro matbuot O’zbekistondagi afg’on qochqinlari taqdiriga e'tibor qaratar ekan, mahalliy sharhlovchilar Tolibonning Toshkentga bosimi ortib borishidan xavotirda.
"The Wall Street Journal" gazetasiga ko'ra, O’zbekistonga qochib o’tgan afg’on harbiylari taqdiriga AQSh ham, toliblar ham befarq emas, Toshkent bu qochqinlarni mamlakatda chiqarishga hozirlanmoqda. Toliblar O’zbekistondan harbiy samolyot va vertolyotlarni ham Afg’onistonga qaytarishni so'ragan.

O’zbekiston Bosh prokuraturasi 14-15 avgust kunlari davomida 600 nafarga yaqin afg’on harbiylari 40 dan oshiq harbiy samolyot va vertolyotlarda mamlakatga noqonuniy kirishgani haqida ma’lum qilgan, ammo keyinchalik prokuratura o’z bayonotini qaytib olgan edi.

Toshkent AQSh tomoniga bu qochqinlarni O’zbekistonda olib qololmasligini bildirgan va chiqarib yuborishi haqida ogohlantirgan. Bu qochqinlar Termizda saqlanayotgani ma'lum. Ular orasida yaqin tanishi bo'lgan afg'onning aytishicha:

“Men samolyotda O’zbekistonga o’tgan harbiy tanishimizni ko’rish uchun ular saqlanayotgan markazga bir necha marta bordim, ammo menga uchrashuv taqiqlanganini aytishdi. Harbiylarni Afg’onistonga qaytarishlari mumkinligi yoki uchinchi mamlakatga ko’chirilishi kutilayotgan haqida biror ma’lumotga ega emasman”.

Afg’onistonlik manbaga ko’ra, harbiy samolyotlar ishtirokidagi to’qnashuv paytida jabrlangan afg’on uchuvchilari ayni paytda shifoxonadan chiqarilgan.

Toliblarning qochqinlarni qaytarish bo’yicha O’zbekiston hukumatiga bildiruvi hokimiyatni qo’lga olishi ortidan mintaqaga nisbatan ko’rsatilgan bosim sifatida ko’rinadi.

Toshkentdan mustaqil tahlilchi Anvar Nazir:

“Tolibon O’zbekiston hukumatiga shart qo’ymoqda. Bu bosim, toliblar kuch vositasida gaplashish ma’qulligini, O’zbekiston hukumati egiluvchan ekanligini yaxshi bilishadi. Tashqi ishlar vazirligi mamlakatga qochib o’tgan afg’on harbiylari haqida biri biriga to’g’ri kelmaydigan xabarlar tarqatayotgani ham shunga bog’liq. Bilishimcha, afg’on harbiylari hozircha shu yerda, ammo O’zbekiston hukumati ularga boshpana bermasligi, hatto uzoqroq muddatga ushlab qolishga ham jur’at topmasligi aniq. Tolibonni xafa qilib qo’yishdan jiddiy qo’rqishadi. Toliblar buni yaxshi biladi, O’zbekiston bilan bemalol bosim vositada gaplashishdan cho’chishmaydi. Diqqatlisi, toliblar hatto Tojikistonga bunday bosim qilishga jur’at qilishayotgani yo’q, ammo O’zbekistonga mumkin. Buning hammasi toliblarni zar cho’ponga o’ragan Tashqi ishlar vazirligi siyosati tufayli mumkin bo’ldi. Afg’oniston siyosati boshidanoq noto’g’ri qurildi”.

Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, O’zbekiston afg’on qochqinlarini qabul qilmaydi. Avvalroq yuzlab afg'onlar qaytarilgan.


“Xalqaro jamoatchilik, xususan AQSh ham Toshkentning yuzdan oshiq qochqinni toliblar qo’liga topshirganini jim kuzatib turgani meni hayratga soldi. Qochqinlarga doir xalqaro me’yorlarni buzgan O’zbekiston hukumati jiddiy ogohlantirilishi kerak edi. Lekin vaziyatdan, ayni paytda Toshkentning tranzit taqdim etayotganidan kelib chiqib, hech kim bunga jur’at qilmadi. Afsuski, O’zbekiston hukumati qochqinlar masalasida avvalo toliblar, qolaversa Rossiya manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qilmoqda”, - deydi Anvar Nazir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda Novoiy viloyatiga safari davomida qayd etishicha, Tolibon Toshkentga bergan va’dalarida turibdi, mintaqaga tahdid solmayapti va ular bilan muloqot davom etadi.

Toshkent Afg’oniston bo’yicha rasmiy pozitsiyasiga ko’ra, Afg’onistonning ichki ishlariga aralashmaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG