Breaking News

Senator Makkeyn: Karimovga ishonib, huquq chetda qolmasin


O'zbekiston G'arb nigohida

Xalqaro maydonda ko'zga ko'ringan huquq himoyachisi Tom Malinovskiy (Tom Malinowski) nazarida O'zbekistonda hukumat xalqdan, xalq esa hukumatdan qo'rqadi. Uning tahlil qilishicha respublikada insonning barcha uzviy huquqlari cheklangan.

13 may kuni Kongressda Andijon voqealari va uning qurbonlari yodga olindi. Xotira marosimini uyushtirgan Freedom House va Human Rights Watch tashkilotlari Obama ma'muriyatini O'zbekiston bilan aloqalarda demokratiya targ'ibotiga urg'u berishga undadi.

AQShning nufuzli senatori Jon Makkeyn (John McCain) tadbirda so'zlab, "huquqqa hurmat – xalqqa hurmat" deya ta'kidladi.

O'zbekistonlik muhojirlar, Amerika rasmiylari, matbuot xodimlari va nohukumat tashkilotlar ishtirokida o'tgan bu yig'in – siyosiy-madaniy munozara bo'ldi.

Barak Obama (Barack Obama) hali Markaziy Osiyoning biror rahbari bilan uchrashmagan yoki mintaqa borasida aniq fikrlar bildirmagan.

Biroq rasmiylarning gapiga qaraganda, Oq Uy va Davlat departamenti munosabatlar ko'p-qirrali bo'lishi, erkinlik va huquq masalasi chetda qolmasligini ta'minlash harakatida.

Senator Jon Makkeyn, Obama bilan prezidentlik uchun bellashgan respublikachi, "Huquq va demokratiya alohida bir soha emas, xavfsizlik va tinchlik erkinlik talab qiladi" deydi.

"O'zbekiston Afg'onistondagi qo'shinlarga yuk yetkazib berishda yordam taklif qilmoqda. Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash o'ta muhim masala. Lekin men Islom Karimov bilan ehtiyotkorona hamkorlik qilish kerak degan fikrdaman. Biz Karimovning beg'araz ko'magiga uchib, uning qo'li ostida O'zbekistonda inson haq-huquqlari muntazam ravishda buzilayotganiga ko'z yuma olmaymiz".

Huquq ahvoli har yerda nozik masala

Afsuski, deydi senator Makkeyn, O'zbekiston fuqarolar doimiy qo'rqinchda yashayotgan yagona jamiyat emas.

Siyosiy bosimlar, qiynoqlar, erkinlikni cheklash jahonning turli burchaklarida, hattoki taraqqiy etgan davlatlarda ham kuzatiladi.

Makkeyn, respublikachi safdoshi Jorj Bush prezidentligi davrida Guantanamo va boshqa qamoqxonalarda mahbuslarga beshafqat munosabatda bo'linganini Amerika yuziga bosilgan qora tamg'a deb biladi.

"AQShning erkinlik kuychisi degan nomiga dog' tushdi",- deya afsuslanadi u.

Makkeyn Andijon voqealari ketidan O'zbekiston hukumatiga sanksiyalar qo'yish taklifi bilan chiqqan.

O'tgan yili senator prezidentlikka nomzod etib ko'rsatilganida, Markaziy Osiyoda hukumatlar agar u saylansa, aloqalar qiyin kechishi mumkin deya xavotirlangan bo'lsa, demokratiya tarafdorlari "qaniydi, u saylanib, Amerika bu diktatorlar bilan jiddiyroq gaplasha boshlasa",- deya umidlar bildirgan edi.

Biz Jon Makkeyndan "Agar prezident bo'lganingizda O'zbekiston rahbariyati bilan aloqalarni qanday yo'lga qo'ygan bo'lardingiz? Obamaga nimani maslahat berasiz?" - deb so'radik.

"Prezident bo'lganimda huquqqa ko'proq e'tibor bergan bo'lardim. Xavfsizlikmi, iqtisodiy rishtalarmi… Diktatorlik tuzumlari bilan xuddi hech narsani bilmagandek hamkorlik qila olmaymiz. Chunki bu tuzumlar baribir o'z boshini yeydi. Ular ag'dariladi. Bu esa bizning xavfsizligimizga ham raxna soladi",- deydi Makkeyn.

"Eron bunga yaqqol misol. Oddiy qilib aytganda, agar shoh u yerda xalq manfaatlarini ko'zlaganida, balki islomiy inqilob yuz bermagan, balki bu davlat bugun atom qurollari ustida ishlamayotgan, dunyo tinchligiga tahdid solmayotgan bo'lar edi",- deydi senator.

"Huquqni hurmat qilish, odamlarga erkinlik berish O'zbekistonni mustahkamlaydi deb tushuntirgan bo'lardim. Xalqni ezish, u qanchalik bardosh berayotgan bo'lmasin, o'z tomiringizga bolta urish bilan barobar deya hukumatga ochiq aytgan bo'lardim",- deydi Makkeyn.

"Obama o'z atrofiga juda aqlli, strategik fikrlovchi odamlarni to'playapti. Ular huquq bebaho ne'mat ekanini, Amerika qudrati erkinlikda ekanini biladi".

Andijonlik qochqinlar aloqalar yaxshilanishi tarafdori

Senator Jon Makkeyn bilan yonma-yon o'tirib, ommaga Andijonda 2005 yilning may oyida o'zi guvoh bo'lgan voqealarni aytib bergan, hozirda AQShda yashayotgan Lutfullo Shamsutdinov fikricha bu davlat O'zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishi kerak.

Shundagina huquq ahvolini ham yaxshilash mumkin bo'ladi, Amerika muhim rol o'ynay oladi, deydi u.

"O'zbekistonda hamma sohada inson huquqlari buzilishda davom etmoqda. Shuning uchun Amerika hukumati uchrashuvlarda inson huquqlarini birinchi o'ringa qo'ysa, juda ijobiy hol bo'ladi deb hisoblayman. Amerika O'zbekiston bilan yaqin aloqada bo'lishi tarafdoriman",- deydi Shamsutdinov.

O'zbekiston rasmiylari, qolaversa Vashingtondagi diplomatlar yuqoridagi fikrlarga o'z munosabatini bildirishni, hukumat pozitsiyasini tushuntirishni lozim topmaydi. Andijon voqealari ekstremistik xuruj, konstitutsion tuzumni to'ntarish harakati deya ta'riflanadi.

Respublika bilan aloqalarga mas'ul Davlat departamenti vakili Tomas Xushek (Thomas Hushek) deydiki, Obama ma'muriyati O'zbekiston bilan o'zaro manfaatlarga asoslangan holda hamkorlik qilib, ochiq muloqot qilishni istaydi.

"Bolalarni paxtazorlarga majburan olib chiqishdan tortib, qamoqxonalardagi ahvol, siyosiy mahbuslar, xavfsizlik, Afg'onistondagi vaziyat, iqtisodiy taraqqiyot, barchasini nazarda tutgan holda ish yuritishga harakat qilamiz",- deydi Xushek.

Shoir ayolining nolalari

Kongressda O'zbekiston har kuni ham tilga olinavermaydi. Olinganida ham bir o'zbek ayoli ko'ziga yosh bilan Amerika arboblariga vatanidagi ahvolni tushuntirib, yordam so'raganiga shu paytgacha guvoh bo'lmaganmiz.

"O'sha Andijondagi to'kilgan qonlarni, xunrezliklarga qarshi chiqqani uchun, adolatni qalamiga olganligi uchun, hozirgi kunda dunyoning eng dahshatli turmasida qiynoqlarga solinayotgan shoir Yusuf Jumayevning ayoli bo'laman. Shu qo'llaring bilan she'rlar yozdingmi deb uning qo'llarini urishib, ezib tashlashgan, tirnoqlarini qo'porishgan, ko'p qiynoqlarga solinayapti. Bu qiynoqlar O'zbekistonda qachon to'xtatiladi?"- deya nidolar qildi Gulnora Oltiyeva.

Uning turmush o'r'tog'i Yusuf Juma hukumatga qarshi ig'vo ko'tarib, rahbariyatni haqoratlaganlikda aybdor deb topilib, besh yilga kesilgan. Shoir hozirda Jasliq qamoqxonasida o'tiribdi. Oilasi esa yaqinda Amerikadan boshpana olgan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG