Breaking News

AQSh razvedkasi: Qo’shinlar Afg’onistondan chiqishi Tolibonga qo’l keladi


AQSh razvedkasi Afg’onistonda Amerika qo’shinlari qolishi yoki qolmasligidan qat’i nazar bu mamlakatning tinch va barqaror bo’lishi ehtimolini past baholaydi.

Global tahdidlar haqidagi yangi hisobotga ko’ra, kelasi bir yilda ham afg’on hukumati va Tolibon o’rtasida tinchlik kelishuvi imzolanmasligi mumkin, chunki Tolibon siyosiy jarayonlarga kuch bilan ta’sir eta olishiga ishonadi.

“Hukumat jang maydonida muvaffaqiyatsizlikka uchrashda davom etmoqda, Tolibon esa harbiy g’alabaga ishonadi”, - deyiladi AQSh Milliy razvedka idorasi (AMRI) tayyorlagan hisobotda.

“Afg’oniston xavfsizlik kuchlari himoya missiyalari bilan band. U qayta qo’lga kiritilgan hududlarni saqlab qolishga va 2020-yilda tashlab ketilgan territoriyalarda nazorat o’rnatishga qiynalmoqda”.

Hisobotga ko’ra, Tolibon jang mayonida yanada ko’proq yutuqlarga erishishi mumkin. Koalitsiya kuchlari Afg’onistonni tark etsa, hukumat Tolibon jangarilariga bas kelishi qiyin bo’ladi.

AMRI tahlilnomasi AQSh qo’shinlari Afg'onistonda 2021-yilning sentabrigacha qolishi to’g’risidagi e’londan oldin tayyorlangan. AQSh va Tolibon o’rtasidagi 2020-yilgi kelishuvda AQSh harbiylari Afg’onistonni 10-maygacha tark etishi belgilangan edi.

So’nggi tahlil AQSh razvedkasining avvalgi hisobotlari bilan hamohang. Ularda ham Afg’oniston hukumati zaif ekani, xalqaro hamjamiyat yordamisiz hukumat qulashi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.

Tolibon hujumlari kamaymagan

AQSh Mudofaa razvedkasi agentligi xulosasiga ko’ra, Kobul va Tolibon o’rtasidagi muzokaralar zo’ravonlik kamayishiga olib borishi amri mahol.

“Tolibon Afg’oniston hukumatiga qarshi siyosiy ta’sirini kuchaytirish uchun zo’ravonlikdan “kalibrlab” foydalanmoqda. Bir paytning o’zida guruh AQSh bilan kelishuvga tahdid soladigan harakatlardan chekinyapti”, - deydi agentlik.

Ko’rinishidan, deydi razvedka tahlilchilari, Tolibon rahbariyati Afg’oniston hukumati ustidan to’liq g’alabaga erishish ilinjida AQSh qo’shinlarining mamlakatni tark etishiga erishmoqchi.

Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha bosh inspektor (SIGAR) agentligi hisobotida ham mamlakatda tinchlik o’rnatilishiga shubha bilidirilgan.

“Tolibon taktikasini sezilarli darajada o’zgartirmagan. AQSh-Tolibon kelishuvi imzolanganidan keyingi har bir chorakda dushman tomon uyushtirgan hujumlar 2019-yil bilan solishtirganda o’sib bordi”, - deyiladi unda.

Boshqa G’arb davlatlari razvedka idoralari ham AQSh va koalitsiya qo’shinlarisiz Afg’oniston o’z mudofaasini eplay olmasligi haqida ogohlantirgan. Tolibon AQSh bilan kelishuv shartlariga amal qilishini amalda ko’rsata olgani yo’q.

Terrorchi guruhlar uchun imkoniyat?

Al-Qoida va “Islomiy davlat” (IShID) kabi guruhlar Afg’onistonda o'rnashib olishi va AQSh qo’shinlari chiqib ketishini imkoniyat deb ko’rishi to’g’risida xavotirlar ham yangramoqda.

Al-Qoida zaiflashgan bo’lsa-da, Tolibon rahbariyati bilan aloqani davom ettirmoqda. AQSh Mudofaa razvedkasi agentligiga ko’ra, Tolibon IShIDning Afg’onistondagi bo’limiga, Xuroson viloyati deb nomlangan guruhga hujumlarni kamaytirgani bois guruh o’zini tiklab olgan.

“Afg’onistondagi sheriklarimiz va ittifoqchilarimiz bilan hamkorlikda terrorga qarshi kuchlarimiz joylashuvini ko’rib chiqamiz. AQShga har qanday tahdidni bartaraf etish maqsadida mintaqadagi aktivlar saqlab qolinadi. Vazifani Afg’onistonda katta harbiy qo’shinsiz va Tolibon bilan jang qilmasdan bajarish mumkin”, - deydi AQSh rasmiylaridan biri.

Ammo amaldagi va sobiq rasmiylar bu kabi yondashuvdan norozi.

“Afg’oniston xalqaro hamjamiyat yordamiga har qachongidan ko’proq muhtoj”, - deydi Afg’onistonni tiklash bo’yicha sobiq maxsus inspektor Jon Sopko.

Uning aytishicha, AQSh va NATO askarlaridan tashqari afg’on qurolli kuchlari minglab kontraktor va harbiy murabbbiylarga tayanadi.

“Xalqaro yordam uzilsa va tinchlik muzokaralari natija bermasa, Tolibon kuchlari qisqa muddat ichida Kobul darvozasi tomon yo’naladi”, - deydi Sopko.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq direktori general Deyvid Petreus ham fojiali oqibatlar haqida ogohlantiryapti.

“Harbiylarimizni olib chiqsak urush tugaydi deb o’ylash xato bo’ladi. Bu mamlakatga yordamni davom ettirishimiz, jangarilar bilan kurashayotgan xavfsizlik kuchlari va boshqa institutlarni qo’llab-quvvatlashimiz darkor”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG