Breaking News

Misrdagi terror hujumida 235 kishi o'ldi


Sinay yarimorolidagi masjidda xuruj

Bugun Misrda sodir etilgan terror hujumida 235 kishi halok bo'lgan. Bir al-Obid degan shahardagi Rovda nomi bilan tanilgan masjidga qurollangan to'da kirib, odamlarni yoppasiga o'qqa tutgan. Keyin esa inshootni portlatgan. Guvohlarning aytishicha, jangarilar bir necha mashinada kelgan. Ularni hech kim to'xtata olmagan. Tibbiy yordam yetib kelganida hujumchilar xizmatchilarni ham o'ldirgan. Bu - Misr yaqin tarixidagi eng qonli hujum.

Misr havo kuchlari Sinayda bu hujum ketidan jangarilar yashiringan joylarni nishonga olgan.

Rovda masjidi oldida, 24-noyabr, 2017
Rovda masjidi oldida, 24-noyabr, 2017

Amerika Misr xalqiga hamdardlik bilidirib, terrorizmga qarshi kurashda Vashington va Qohira yaqin hamkorlik qilishini bayon etgan. Mavjud hamkorlik yanada kengayadi, deydi Prezident Donald Tramp.

"Jahon ahli terrorizmga toqat qilmaydi. Harbiy jihatdan ham, mafkuraviy jihatdan ham uni yakson qilamiz", - deydi Tramp.

Qo'shni Isroil ham Misrga yordam berishga shay. Yahudiy davlat hamdard.

Hukumat bugungi hujumda "Musulmon birodarlik" harakatini ayblamoqda. Harakat buni inkor etib, tinchlik tarafdori ekanini qayd etmoqda.

Lekin rasmiylar izohicha, bu harakat tobora siquvda ekan, shafqatsiz xurujlarga zo'r bermoqda. "Musulmon birodarlar" oldin ibodatxona va boshqa muqaddas joylarda ham shunday terror hujumlarini amalga oshirgan, deydi mutasaddilar.

Arab matbuotidagi ko'plab tahliliy maqolalarga ko'ra esa Misrga Suriya, Iroq va Liviyadan jangarilar kirib kelmoqda va mamlakatda ekstremizmning yangi go'shalari paydo bo'lmoqda.

Xavfsizlik kuchlari zaif, deydi ekspertlar. Qatar va Turkiya quvvatlayotgan jangarilar ham hozirda Misrdan panoh topgan, deya iddaolar yanramoqda. Qatar va Turkiya bu da'volarni tan olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG