Yevropaga safari oldidan AQSh bosh diplomati Rossiyani tanqid qildi 

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Reks Tillersonning ta'kidlashicha, Amerika va uning Yevropadagi ittifoqchilari Rossiyadan kelayotgan tahdidlarga tik qarab, mudofaa masalalariga jiddiy e'tibor qaratmoqda.

Bosh diplomat Yevropaga safari oldidan Moskvani keskin tanqid qildi. Rossiya amalga oshirayotgan kiber-hujumlar, uning energetik siyosati va Ukraina yerini bosib olgani "mas'uliyatli" davlatlarga yarashmaydi, deydi Tillerson.

"Ukraina masalasini hal qilmasdan turib, Vashington-Moskva munosabatlari yaxshilanishini kutmang", - dedi u.

Bu degani, Ukraina yana mustaqil, suveren, yaxlit davlatga aylanishi kerak.

2014-yilda Rossiya Qrimni, u quvvatlaydigan bo'lginchilar esa mamlakat sharqini bosib olgan edi. Prezident Vladimir Putin rusiyzabon aholini himoya qilish uchun Ukrainaga qo'shin yuborganini, Yevropa siyosati va saylovlariga aralashmasligini aytib keladi.

Ayni paytda AQSh Ukrainaga millionlab dollarga teng qurol uzatish haqida o'ylanmoqda. Vashingtonning Ukraina bo'yicha maxsus elchisi Kurt Voker fikricha, Ukrainaga qurol sotish Rossiyaga nisbatan provokatsiya degan gaplar safsata.

"Rossiya allaqachon Ukrainada va qattiq qurollangan. Bu yerdagi rus tanklari soni G'arbiy Yevropadadan ham ko'p", - dedi Voker "Amerika Ovozi" Rus xizmati bilan suhbatda.

Siyosatshunos Stiven Blank Ukrainani qurollantirish tarafdori. Prezident Vladimir Putin G'abrga qarshi olib borayotgan urushda, deydi u, Ukrainani front deb ko'rish mumkin. Blank fikricha, Ukraina o'zini himoya qilsa olsa, Kreml Kiyevga qarshi "terror, propaganda, informatsion xuruj va korrupsiya" singari qurollarni qo'llashi qiyinlashadi.

Vashingtondagi Atlantika kengashi, tahlil markazi, kuni-kecha chiqargan tahlilnomada Boltiq regionida doimiy Amerika harbiy bazasini ochish taklifi olg'a surilgan.

Iste'fodagi podpolkovnik Denni Deyvis fikricha:

"Rossiya Boltiq davlatlarini bosib olishiga ishonmayman. Chunki NATO nizomining beshinchi moddasiga turtki berishi mumkin. A'zolar hujumga uchrasa, birgalashib dushmanga javob berishadi".

Davlat kotibi Reks Tillerson nutqida Moskvaning boshqa xatti-harakatlarini ham tanqid qildi, jumladan amerikalik diplomatlarni qo'rqitish, kiber-hujumlar va o'z xalqiga qarshi kimyoviy qurol ishlatgan Suriya Prezidenti Bashar al-Assadga yordami.

AQShning Yevropadagi qo'shinlari tayyorgarligini oshirish, ittifoqchilar bilan ko'proq harbiy mashqlar o'tkazish maqsadida Tramp ma'muriyati kelasi yil byudjetidan 4,8 milliard dollar ajratishni ko'zlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG