Vashingtonda ishonchsizlik avjiga chiqqan palla

  • Amerika Ovozi

Oq uy hovlisida

“Hukumat ichidagi hukumat” degan tushuncha odatda demokratik tuzumlarga xos bo’lmagan, har qanday davlatni zaiflashtiradigan holatdir. Oshkoralik va qonuniy jarayonlardan yiroqlashish sifatida talqin qilinadi. Bugun Vashingonda Tramp ma’muriyatiga nisbatan mana shunday shubhalar mavjud.

​Yaqin o’tmishda Misr, Pokiston va Turkiyaga xos manzara: xalq saylagan vakillar chetga surilib, davlat rahbari atrofidagi shaxslar hokimiyatni egallab oladi.

Professor Robert Tomlinsin bu mavzuni chuqur o’rgangan.

“O’zboshimcha, mavjud tizimlarni mensimaydigan, qonunni chetlab o’tishni odat qilgan guruhlar. Ular hatto davlat rahbarini ham mensimay qo’yishi mumkin”.

Amerika siyosatida ayrim doiralar shunday qilishga uringan damlar ko’p bo’lgan. Lekin demokratik tuzum ularning haddidan oshishishiga yo’l qo’ymagan.

Prezident Donald Tramp o’zidan oldingi rahbar Barak Obamani uni, Oq uyga nomzodlik paytida, zimdan kuzatib, telefon va elektron aloqalarini ko’zdan qochirmaslikni buyurganlikda ayblamoqda. 2016-yilgi prezidentlik kampaniyasi paytida.

Trampda isbot yo’q. Obama ma’muriyati a’zolari va razvedka agentliklari bu iddaolarini tubdan inkor etmoqda. Prezidentning betayin va asossiz so’zlari, deydi sobiq rasmiy Fred Flaytz, tuzumga nisbatan ishonchni yemirmoqda.

“Yo’q narsani bor deyish yaxshilikka yetaklamaydi. Tramp hozir o’zi boshqarayotgan tizimlarni shubha va gumon ostiga qo’ymoqda”, - deydi Flaytz.

Tramp atrofidagi odamlar nazarida Obama davridan qolgan va yuqori lavozimlarga mahkam joylashib olgan siyosiy doiralar yangi prezidentga nisbatan ishonchni o’ldirishga urinmoqda. Ular turli ig’volar qilib, Oq uyni siyosiy nishonga olaversa, Tramp yaroqsiz rahbarga aylanadi, degan qarashlar mavjud. O’z navbatida vazirlik va agentliklarda uzoq tajriba va nufuzga ega doiralar yangi prezidentni ularga ishonch bilan yondashmayotganlikda tanqid qiladi.

Vashingtondagi byurokratiya nihoyatda qudratli, deydi ekspert Xovard Ayzestat, u ko’p prezidentlarni ko’rgan va cheksiz sinovlardan o’tgan. Yangi rahbarga moslashish uchun vaqt kerak. Ortiqcha xavotirga hojat yo’q, deydi olim.

“Yangi Oq uy kuchli o’zgarishlar qilishga urinmoqda, bu esa qarshilik uyg’otadi”, - deydi Ayzenstat.

Ayzenstat singari siyosatshunoslar nazarida har qanday radikal o’zgarish siyosiy tizimlarda o’ziga xos zilzilalarga yetaklaydi. Prezident Tramp va uning atrofidagi odamlar buni anglashi, sistemani tebratayotganlar bilan til topishishga harakat qilishi shart. Aks holda, demokratiya ish bermay qoladi. Bu esa haqiqiy fojia bo'ladi, deydi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG