Breaking News

Farhod Tolipov Vashingtonda O'zbekiston tashqi siyosati haqida gapirdi


Mustaqil O’zbekistonning birinchi professional siyosatshunosi - Farhod Tolipovni amerikalik kasbdoshlari shunday ta’riflaydi
Mustaqil O’zbekistonning birinchi professional siyosatshunosi - Farhod Tolipovni amerikalik kasbdoshlari shunday ta’riflaydi
Mustaqil siyosatshunos sifatida tanilgan, fan nomzodi va bugungi kunda Toshkentdagi “Bilim karvoni” nomli nodavlat ta’lim muassasasiga asos solgan olim Farhod Tolipov yaqinda AQSh poytaxtiga tashrif buyurib, Jorj Vashington universitetida so’zladi. O’zbekiston tashqi siyosati doktrinasi yuzasidan o’z tahlilini bayon etgan ekspert fikricha yaqin kelajakda respublikada rahbariyat o’zgarsa ajabmas.

Farhod Tolipov - O`zbekistan tashqi siyosati - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:49 0:00
Yuklab oling

Mustaqil O’zbekistonning birinchi professional siyosatshunosi... Farhod Tolipovni amerikalik kasbdoshlari shunday ta’riflaydi. AQSh tashqi siyosati bo’yicha milliy qo’mita uni Vashingtonga taklif qilib, Afg’oniston va Markaziy Osiyodagi vaziyat yuzasidan o’z tahlilini taqdim etishni so’radi. Yig’inda mintaqaning boshqa respublikalaridan olimlar ham ishtirok etdi.

Amerika afg’on zaminidan o’z qo’shinlarini olib chiqqach, u Markaziy Osiyoda qanday rol o’ynashi mumkin? Hamkorlik nimaga asoslanishi kerak? Bu davlat mintaqaga qay sohalarda yordam bera oladi? Regionda Amerika qanday manfaatlarga ega? Mana shu mavzular muhokama qilindi.

Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas’ul qonunchi va diplomatlarning aytishicha, o’tgan 12 yil davomida mintaqa bilan hamkorlik asosan Afg’onistonga bog’liq bo’lgani rost, lekin 2014-yildan keyin munosabatlar sustlashadi deb bashorat qilishga asos yo’q.

“Dunyoning bu qismi tinch va barqaror, farovon va erkin yashashidan Amerika faqat foyda ko’radi; shu bois bu besh respublika, hukumatlar va xalqlar bilan yaqindan ishlashga bel bog’laganmiz va imkon qadar harakat qilishda davom etamiz”, - deydi Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha Davlat kotibi muovini lavozimiga yangi tayinlangan Nisha Bisvol, AQSh Senatining Tashqi aloqalar bo’yicha qo’mitasida Obama ma’muriyatining pozitsiyasini tushuntirar ekan.

Farhod Tolipov singari siyosatshunoslar nazarida ham Vashington oldida imkoniyatlar talay. Rossiya va Xitoyning mintaqadagi roli va ta’siri beqiyos, ammo Amerikaning o’ziga xos o’rni bor, deydi u. Avvalo, O’zbekiston singari jamiyatlardagi siyosiy dinamika va real vaziyatni tushunish lozim.

Jorj Vashington universitetidagi davra suhbatida Farhod Tolipov e’tiborni O’zbekiston diplomatiyasi va xalqaro maydondagi nufuziga qaratdi.

22 yoshdagi mustaqil respublika Sovet davridan qolgan xususiyat va yondashuvlardan qutula olmagan, deydi u, buni “sovet sindromi” deya ta’riflar ekan.

Dunyoni ikki-qutbli deb ko’rish va tashqi kuchlarga tahdid sifatida qarash bunga yaqqol misol, deydi u. O’zbekiston tashqi siyosatini tebratayotgan omillardan biri ham shu, xalqaro tizimga ishonmaslik, qandaydir dushmandan xavfsirash, deya tushuntiradi olim.

Yana bir muhim jihat – mavhumlik. Mustaqillik yillari globalizatsiya avj olgan bir paytga to’g’ri keldi. O’zini suveren davlat deb tanitishga harakat qilayotgan va boshqalardan ajralib turishga urinayotgan davlat uchun tashqaridan kelayotgan ta’sir yanada xavfliroq ko’rinadi.

Bir tomondan hech kimga bo’ysungisi kelmaydi, ikkinchi tomondan esa turli xalqaro organlarning a’zosi sifatida o’z bo’yniga qator majburiyatlarni olgan, ya’ni xalqaro hamjamiyat oldidagi burchini bajarishi kerak. Yosh davlatga buni eplash qiyin ekanini ko’rdik va ko’rayapmiz, deydi Farhod Tolipov.

Markaziy Osiyo geogragik jihatdan strategik hududda joylashgan ekan, u - geosiyosiy o’yinlar maydoni. Mintaqadagi eng yirik respublika - O’zbekiston o’z o’yinini o’ynashni o’rgandi, yangicha geopolitik dinamikaning bir qismiga aylandi, deydi ekspert.

O’zbekiston bugun Amerika, Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqi singari yirik o’yinchilar bilan muzokara qilish, o’z haqqini talab qilishni biladi va o'z pozitsiyasini tushuntirish borasida tajriba orttirdi, deydi Farhod Tolipov. O’z elchi va elchixonalari, xalqaro tashkilotlarda o’z vakolatxonalari bor.

Respublika bugun xalqaro tizimni yaxshiroq tushunadi. Strategik sheriklari mavjud. Ular bilan aloqalar bir sovib, bir ilib turishi mumkin, ammo O’zbekiston o’z tashqi siyosiy doktrinasiga ega. Dunyo ham uni shunga qarab baholaydi.

Muammolar va kamchiliklar talay. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida boshidan, keyinroq esa Milliy universitetda siyosatshunoslikdan dars bergan olim fikricha kadrlar masalasi chatoq. Mustaqil O’zbekistonga usta diplomatlar yetishtirib berishi kerak bo’lgan dargoh kutilgan mevani bermadi. Tashqi ishlar vazirligi nazorati ostidagi “Diplomatiya” mamlakatni zarur mutaxassislar bilan ta’minlay olmadi.

Aytish joizki, zehnli yoshlar tuzumga dosh berolmay boshqa sohalarga o’tdi, vatanni tark etdi, hukumat ularni o’ziga qarata olmadi.

Yana bir kamchilik, deydi Farhod Tolipov, O’zbekiston xalqaro maydonda o’z ijobiy imijini shakllantira olmadi. Bu albatta uning siyosati mahsuli.

Bugunga kelib, respublika izolyatsion siyosat yo’lidan bormoqda, o’zini yakkalashga urinmoqda, deydi ekspert. Davlat xalqaro tashkilotlarga ishonmaydi, ularga foydasiz deb qaraydi.

2012-yilda e’lon qilingan tashqi siyosiy doktrina, Farhod Tolipov tahlilicha, to’rt jihatdan “yo’q” degan pozitsiyasini olg’a suradi: Chet el qo’shinlari kiritilmaydi; O’zbekiston bloklarga qo’shilmaydi; tinchlikparvar kuchlarga mamlakatda o’rin yo’q va mintaqaviy nifoqlarga xorijdan hech kim aralashmasligi kerak.

O’zbekistonning tashqi aloqalari ikki-tomonlama munosabatlarga asoslanadi, ya’ni Amerika bilan alohida, Rossiya bilan alohida, har bir qo’shni bilan alohida-alohida hamkorlik qilinadi. Dunyo bo’ylab ko’p tomonlama rishtalar ahamiyati o’sib borar ekan, O’zbekiston qarshi yo’ldan bormoqda, deydi Farhod Tolipov.

Milliy manfaatlar ko’p tilga olinadi, ammo u tushuntirilmaydi, deydi olim.

Terrorizm va diniy ekstremizm hamon eng yirik tahdidlar qatorida, ammo ekspert nazarida, etnik mojarolar, chegara osha nifoqlar hozir asosiy xavf sifatida ko’rilishi lozim.

Toshkentda prezident oilasi bilan bog’liq mojarolarni, xususan Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova va uning biznes imperiyasi tekshirilayotganini kuchli qiziqish bilan kuzatib turgan tashqi dunyo o’zgarish kutmoqda. Lekin bu o’zgarish qanday bo’lishi mumkin? Farhod Tolipov bu borada og’iz ochmadi.

Lekin 2015-yilning martida o’tishi kutilayotgan saylovlar yangilik olib kelishi tayin, deydi olim. Rahbarlar almashishi uchun qonuniy zamin bor. U amalda qanday aks etadi, buni oldindan aytish qiyin, deydi u, lekin 2015-yil biror o’zgarish olib kelmaydi deya olmaymiz.

Farhod Tolipov bilan boshqa mavzularda ham yuzma-yuz TV suhbatda bo’ldik. Video mana bu yerda tomosha qilish mumkin: http://www.amerikaovozi.com/content/tolipov-us-central-asia-interview/1796349.html

Farhod Tolipov Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo'limida mutaxassislar va talabalar bilan muloqotda, 15-noyabr 2013, Vashington
Farhod Tolipov Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo'limida mutaxassislar va talabalar bilan muloqotda, 15-noyabr 2013, Vashington
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG