Afg’onistondan chiqayotgan AQSh Tolibon hujumlariga tayyorlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar Afg’onistonni tark etishga hozirlanayotgan qo’shinlarini himoya qilish uchun Yaqin Sharq va Janubiy Osiyoda harbiy texnikasini shay holatga keltirmoqda.

Mudofaa vaziri Lloyd Ostin “USS Dvayt Ayzenxauer” nomli avianosetsning mintaqada “bir muddat” qolishini buyurdi. B-52 va boshqa rusumdagi bombardimonchi samolyotlar ham jo’natilmoqda.

“Qo’shinlarni olib chiqish xavfsiz va tartibli bo’lishini istaymiz. Bu jarayonda qo’mondonlar bizning va ittifoqchilarimiz qo’shinlari himoyasini ta’minlay olsin”, - deydi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.

Prezident Jo Baydenga ko’ra, Afg’onistonda qolgan taxminan 3000 askarni vatanga qaytarish 1-maydan boshlanadi va sentabrga borib yakunlanadi. NATO bayrog’i ostida Afg’onistonga xizmat qilayotgan boshqa davlatlarning yana 7000 harbiysi va minglab pudratchilar ham ketishga hozirlanmoqda.

Samolyot tashuvchi "USS Dvayt Ayzenxauer" kemasi

Tolibon tahdidlari

Tolibon guruhi agar AQSh va koalitsiya kuchlari may boshida Afg’onistonni tark etmasa ularni nishonga olamiz, deya bir necha bor tahdid qilgan. Guruh sobiq prezident Donald Tramp bilan imzolagan kelishuvda aynan shunday sana belgilangan edi.

“Tolibon bayonotlarini hisobga olgan holda, ular qarshilik ko’rsatmaydi deb o’ylash bema’nilik bo’ladi. Nafaqat himoya uchun, balki logistik va muhandislik ta’minoti uchun piyoda qo’shinlar soni vaqtincha oshirilishi mumkin”, - deydi Jon Kirbi.

Buni ham ko'ring Makkenzi: Afg'oniston kuchlari Tolibonga mag'lub bo'lishi mumkin

Pentagonda o’tgan brifingda AQShning Yaqin Sharq va Afg’onistondagi kuchlari qo’mondoni Kennet Makkenzi koalitsiya qo’shinlarining chiqib ketishi ortidan afg’on armiyasi Tolibonga bas kela olmasligi mumkin, deya xavotir bildirdi. General, shuningdek, jangarilarni ogohlantirdi.

“Tolibon harbiy operatsiyalar o’tkazish niyatida bo’lsa kerak. Ularga gapim – biz o’zimizni himoya qilishga tayyor bo'lamiz”, - deydi Makkenzi.

Afg’onistondan harbiy texnika va uskunalarni olib chiqish rejasi ham ishlab chiqilmoqda. Aksar qismi samolyotlarda olib ketiladi.

“Texnikaning bir qismi tekshirilib, tozalanib, mintaqaning boshqa nuqtalarida joylashtiriladi. Bir qismini, kerak bo’lsa, afg’on hamkorlarimizga qoldiramiz. Bir qismi yo’q qilinadi”, - deydi Pentagon matbuot kotibi.