Breaking News
Din

O'zbekistonda vijdon erkinligi haqidagi yangi qonun kuchga kirdi


Yusufxon o'g'li Qosimxon masjidi, Namangan

Prezident Shavkat Mirziyoyev jiddiy tanqidga tutilgan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilot to’g’risida”gi qonunni imzoladi. Hujjat 6-iyuldan kuchga kirdi.

Yangi qonunda ham diniy tashkilotlar, diniy ta’lim va diniy adabiyotlar ustidan davlat nazorati to’liq saqlab qolingan. Ayrim nisbiy o’zgarishlar nazarga olinmasa, u Islom Karimov davrida qabul qilingan qonundan deyarli farq qilmaydi.

E’tiqod erkinligiga doir asosiy o‘zgarish jamoat joylarida diniy libosda yurishga qo’yilgan taqiqning olib tashlanishi, ammo shu bilan bir qatorda davlat tashkilotlari va muassasalarida kiyinish tartibi ichki qoidalarga ko’ra belgilanishi ta’kidlab o’tilgan.

Shundan kelib chiqsa, davlatga qarashli ta’lim maskanlarida diniy liboslarga qo’yilgan taqiqlar yangi qonun kuchga kirishi bilan qonuniylik kasb etishini ehtimol qilish mumkin. Hozirgacha maktablarda, oliy o’quv yurtlarida ro’molga nisbatan qo’yilgan taqiqlar o’quv yurtlarining ichki tartibi bilan izohlab kelinayotgan edi.

Prezident tomonidan 5-iyul kuni imzolangan qonun matni, qonunga sharh “Xalq so’zi” gazetasida e’lon qilingan.

Qonun sharhida hali qonun loyiha shaklida ekanidayoq jiddiy tanqidlarga sabab bo’lgan nuqtalarga, jumladan diniy ta’lim, adabiyotlar, tashkilotlar masalasiga to’xtab o’tilgan.

Sharhda nima sababdan O’zbekistonda xususiy diniy ta’limga ruxsat berilmayotgani quyidagicha izohlangan:

“Har qanday shaxsning “oʻzicha” aholiga diniy taʼlim berishi noanʼanaviy aqidalarning tarqalishiga, mutaxassis boʻlmagan shaxslar tomonidan sof diniy masalalar boʻyicha biryoqlama tushunchalar berilishiga olib keladi. Bu esa jamiyatda diniy masalalar bilan bogʻliq ixtiloflar kelib chiqishiga, aholining yot gʻoya va qarashlar taʼsiriga tushishiga sabab boʻladi. Shu maqsadda, diniy taʼlim muassasasidan tashqarida diniy taʼlim berish noqonuniy faoliyat sifatida belgilandi”.

Shuningdek, O’zbekistondagi bir qator nashrlarning jarimaga tortilishiga sabab bo’lgan diniy adabiyotlar yuzasidan ham davlat ekspertizasi majburiyligi saqlab qolingan.

Sharhga ko’ra, bunga asosiy sabab aholini “Yot g’oyalardan” asrash:

“Qonunda jamiyatda turli yot qarashlarni targʻib qilayotgan guruhlarning faoliyati, ular tomonidan tarqatilayotgan buzgʻunchi gʻoyalarning salbiy taʼsiridan aholini himoya qilish maqsadida diniy mazmundagi materiallarni dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgandan keyin tayyorlash, olib kirish va tarqatish belgilab qoʻyildi”.

Munozarasi uzoq davom etgan bu qonun imzolanishi bilanoq bir qator xalqaro tashkilotlar zudlik bilan o’z munosabatlarini ham bildirishgan.

Yusufxon o'g'li Qosimxon masjidi, Namangan
Yusufxon o'g'li Qosimxon masjidi, Namangan

Inson huquqlari, e’tiqod erkinligiga ixtisoslashgan Forum 18 tashkiloti O’zbekistonda diniy tashkilotlarga doir imzolangan yangi qonun haqida yirik maqola chop etgan.

Undagi asosiy xulosa imzolangan qonun e’tiqod va siyosiy erkinlikka doir xalqaro me’yorlarga to’g’ri kelmasligi, qonun diniy tashkilotlarga mustaqillik bermasligi, e’tiqod erkinligini kafolatlamasligi bilan bog’liq.

Ta’kidlanishicha, O’zbekiston tomoni “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunni yangi tahrirda imzolar ekan qonun loyihasi bo’yicha mahalliy darajada, shuningdek xalqaro miqyosda bildirilgan e’tirozlar ham mutlaqo inobatsiz qoldirilganiga, shu holida Qonunchilik palatasi, Senat tomonidan tasdiqlangan qonun ortiqcha muhokamalarsiz, deyarli maxfiy holatda imzo uchun prezidentga kiritilgan.

“Forum 18” xalqaro majburiyatlar, siyosiy va e’tiqod erkinligiga doir xalqaro me’yorlarga zid bo’lgan bu qonun nima sababdan O’zbekiston hukumati tomonidan qabul qilinayotganiga doir savollar ochiq qolayotganini bildiradi.

Prezident imzolagan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunga berilgan sharhga ko’ra, “Qonun inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan, diniy sohada umumeʼtirof etilgan huquq va erkinliklar, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning oʻziga xos xususiyatlari va bevosita Oʻzbekistonda dinlararo munosabatlar shakllanishining tarixiy sharoitlarini oʻz ichiga olgani bilan ahamiyatlidir”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG