Breaking News

"Islomiy davlat" Iroq va Suriyada hamon faol


Iroq ko'chalarida (Arxiv)
Iroq ko'chalarida (Arxiv)

"Islomiy davlat" faoliyatini o'rganib kelayotgan razvedka agentliklariga ko'ra, guruh Iroqda hamon harakatda. AQSh kuchlari bu orada mamlakatdagi missiyasini qisqartirib, xavfsizlikni ta'minlashni asosan milliy qurolli kuchlarga topshirmoqda.

Qator davlatlarning maxfiy xizmatlari birgalikda ogohlatirishicha, jangari to'da nafaqat Iroq, balki Suriyada ham kelajakda yana katta boshog'riqqa aylanishi mumkin.

"Bu to'da oldingidek emas, ancha zaiflashgan, doimiy quvg'inda, ammo mahalliy xavfsizlik organlaridagi sistematik muammolardan foydalangan holda, panoh topib, harbiylarni nishonga olishga urinmoqda", - deyiladi o'tgan hafta taqdim etilgan hisobotda.

Iroqda tizimning korrupsiyalashgani, pora evazida hatto terrorchilar ham Iroqda harakatlana olishi mumkinligi Bag'dod va Vashingtonni birdek xavotirga soladi, deydi rasmiylar.

Hisobotda qayd etilishicha, 2021-yilning yanvar va aprelida Bag'dodda sodir etilgan xurujlar "Isllomiy davlat" hali ham kuchga ega ekanidan dalolat beradi, chunonchi qattiq zarbalar bilan yuzlashib kelmoqda. Guruh fuqarolarga hujum qilib, xususan poytaxtda vaqti-vaqti bilan xurujlar sodir etib, media va xalqaro hamjamiyat e'tiborini qaratib turadi. Shu tariqa hali ham borligini eslatish 'Islomiy davlat" uchun "yengilmadik" degan maqom berib, Iroq hukumatini noqobil taraf sifatida ko'rsatadi, deydi ekspertlar.

Iroqda "Islomiy davlat" tarafdorlaridan musodara qilingan qurollar va bayroqlar, 2015
Iroqda "Islomiy davlat" tarafdorlaridan musodara qilingan qurollar va bayroqlar, 2015

Diyala, Salohiddin va Kirkuk viloyatlarida ketma-ket hujumlar qilish ortida ham shu omil yotibdi, ya'ni "Islomiy davlat" yo'q qilinmagan, degan signal berish. Razvedka agentliklari shunday xulosaga kelgan.

Iroq va Suriyadagi qaltis vaziyat, qashshoqlik, tartibsizlik va nimjon siyosiy boshqaruv, agar bartaraf etila boshlamasa, terrorchilar uchun qayta oyoqqa turish uchun qulay muhit.

Biroq AQShdagi ayrim idoralar "Islomiy davlat" hozirda uzog'i bilan 8 ming jangariga ega, deya taxmin qiladi. Yaqingacha, deydi ular, 34 mingdan oshiq edi.

BMT hisobicha ham to'da son jihatdan kichraygan, lekin o'zini kattaroq qilib ko'rsatish ilinjida.

Da'vo qilinishicha, "Islomiy davlat" hozirda Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiy yetakchiligi ostida. U Amir Muhammad Said Abdul-Rahmon al-Movla ismi bilan ham tanilgan. Tarafdorlarga anchadan beri ko'rinmagan amir quvg'inda.

Jangari xurujlaridan so'ng, Anbar viloyati, Iroq
Jangari xurujlaridan so'ng, Anbar viloyati, Iroq

BMT "Islomiy davlat" boyligini 25-50 million dollar orasida deb baholaydi. Yaqin yillargacha to'da yuzlab million dollar daromad olayotganini aytib, maqtanib kelar edi.

Amerika Iroqni, jangovar, razvedka va boshqa jihatlardan quvvatlashda davom etishini bildiradi, ammo tinchlikni ta'minlash endi mahalliy armiya zimmasida bo'ladi.

"Ba'zi hududlar doimiy va qattiq nazorat ostida bo'lishi kerak, chunki u yerlarda "Islomiy davlat" tarafdorlari ko'p. Xurujlari uyushtirishda bu ularga qo'l keladi", - deydi David Gartenshteyn-Ross, kontrterrorizm bo'yicha mutaxassis.

Ko'plab ekspertlar ta'biricha, AQSh missiyasi tugaydimi yoki davom etadi, "Islomiy davlat" baribir to'xtamaydi, uning qoldiqlari hamisha chiqaveradi.

"AQSh Afg'onistondan chiqayapti, Iroqdagi harakatlarini to'xtatgan va asosan mahalliy kuchlarni quvvatash bilan band. Shunday ekan, "Islomiy davlat" ham o'z strategiyasini shunga moslaydi", - deydi Ketrin Zimmerman, amerikalik tadqiqotchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG