Breaking News

Afg'on jurnalistlari: Vatanda kelajak yo'q


Kobul ko'chalarida, 6-avgust, 2021
Kobul ko'chalarida, 6-avgust, 2021

Afg'onistonda jurnalistlar xavfsiz joy qidirmoqda, kelajakda chuqur xavotirda.

“Vaziyat tang, nima qilishni bilmaymiz", - deydi xalqaro OAV muxbirlaridan biri. "Menga nima bo'ladi, hayotimni asray olamanmi?"

Bu jurnalist ism-sharifini aytishni xohlamaydi. Tolibon bunday muxbirlarning ketiga tushganini u yaxshi biladi. Aslida Hirotda ishlar va yashar edi. Hozir esa oilasi bilan sarson. Kobul xavfsizroq deya kelgan edi, poytaxt ham bir pasda toliblarga taslim bo'ldi.

Jurnalistlar bu yerda toliblardan doimiy tahdid eshitadi. Muxbir va oilasi yashiringan joyga jangarilar kelib tekshirgan.

"Qo'rqinchdamiz... Tashqariga chiqa olmaymiz, qamoqdamiz hisob. Evakuatsiya qilinishimiz kerak".

Bir necha kun oldin Afg'onistonda hokimiyatni egallagan Tolibon jurnalistlarga zarar keltirmaslikni va'da qilgan, faqat ular islom shartlari asosida ishlashi kerak, birdamlikni targ'ib qilishi lozim.

Professional jurnalistlar esa bunday ogohlantirishlarni do'q-po'pisa deb biladi, chunki toliblar ularga yoqmaydigan har qanday materialni islom va birdamlikka zid deb ularni jazolashi muqarrar.

Toliblar yillardan beri jurnalistlarni shafqatsizlarcha o'ldirib keladi.

17-avgust kuni Tolibon matbuot anjumani o'tkazgan joyni oldin taniqli jurnalist Dava Xon Minapal yuritar edi. Harakat a'zolari uni 6-avgust kuni qatl etgan. Media olami uchun Minapalning o'rnida endi uning qotillari o'tirib, savol-javob qilayotganini ko'rish ruhan nihoyatda og'ir.

Ko'plab axborot vositalari o'z xodimlari Afg'onistonda bedarak ketgani, o'ldirilgani, hibsda ekani yoki yashiringani haqida bildirib, vaziyatni o'ta tahlikali deya baholamoqda.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasiga ko'ra, toliblar uyma-uy yurib, jurnalistlarni ovlamoqda. Tutilganlarning qiynoqqa solinish yoki o'ldirilish ehtimoli yuqori.

"Nemis to'lqini" mahalliy muxbirining aytishicha, "bu mamlakatda endi jurnalistika yo'q. Kun sayin ahvol yanada og'irlashib, biz kabilar uchun kelajak ham, umid ham yo'qolib bormoqda".

2001-yilda Tolibon hokimiyatdan ag'darilganidan beri Afg'onistonda media jadal rivojlanib, ayollar yetakchi rol o'ynab kelayotgan edi. Matbuot erkinligi darajasi ham Afg'onistonda tez sur'atlarda o'sayotgan edi.

O'tgan bir yil ichida mediaga hujumlar ortdi, jurnalistlarni o'ldirish hollari ko'paydi va matbuot talqinida, ulardan eng nafratlanadigan kuch bugun hokimiyatda.

"Tolibon professional jurnalistika nima ekanini bilmaydi. Ular baribir bizni nishonga olaveradi", - deydi muxbirlardan biri.

Shu tariqa iste'dodli va uquvli insonlar vatanni tark etish harakatida. Jon saqlash - eng muhimi, deydi ular.

G'arb axborot vositalari o'z xodimlarini chiqarish uchun hukumatlar bilan ishlayotgani ma'lum, jumladan "Nemis to'lqini".

AQSh Kongressi ham Prezident Jo Baydenni evakuatsiya jarayonida jurnalistlarga alohida e'tibor berishga chaqirmoqda.

Amerika matbuotiga ishlaganlar maxsus viza orqali bu mamlakatga ko'chiriladi.

Biroq afg'on jurnalistlar nazarida talablar juda qattiq. Undan keyingi qadamlar ham mavhum.

“Chiqa olsangiz ham to'g'ri Amerikaga bormaysiz, boshqa davlatga yuborishadi. U yerda bir yil yo undan oshiq o'zingiz yashashingiz kerak. Maoshga kun ko'rsak, yangi bir joyda qanday kun ko'ramiz?" - deya so'raydi vizaga topshirayotganlardan biri.

"Vaqt oz, biz bosim ostidamiz. Oldimizda tanlash imkoniyati yo'q".

Viza da'vogarlarini tekshirish vaqt oladi. Ruhan toliqqan va qo'rqinch hissida yashayotgan odamlarni birma-bir ko'rib chiqish, ular bilan suhbatlashish ham murakkab jarayon, deya tan oladi rasmiylar. Xavfsizlik choralariga ham amal qilish zarur.

Jurnalistik tashkilotlarga har kuni o'nlab murojaatlar tushmoqda, aynan Afg'onistondagi hamkasblardan.

Milliarder Jorj Sorosning Ochiq jamiyat fondi ularga yordam berish uchun 10 million dollar ajratgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG