Breaking News

Tojikistonda xalq hunarmandchiligi tiklana boshlagan


Tojikiston xaritasi va naqshlarni so'zanada aks ettirgan tojik yigiti o'z ishini namoish etmoqda

Tojikiston shimolidagi qadimiy Istravshan va Xo’jand shaharlari asrlardan beri Markaziy Osiyoda xalq hunarmandchiligi yuksak taraqqiy etgan maskanlardan sanalgan.

Sho’rolar hukumati barham topgandan so’ng mintaqada ishsizlik va qashshoqlikning avj olishi bilan mahalliy aholi ham, hukumatlar ham xalq nunarmadchiligini qayta rivojlantirishga kirishdi.

Bundan qarib o’n yilcha muqaddam Tojikiston hukumati 2009-2015 yillarga mo’ljallangan xalq amaliy badiiy hunarmandchiligini rivojlantirish programmasini ishlab chiqqan va unga ko’ra ko’plab nohiyalarda hunarmandlar uchun imtiyozli asosda kredit mablag’lari va binolar ham ajratilgan edi.

Joriy yildan boshlab esa o’z uyida hunarmandchilik bilan shug’ullanayotgan ustalar uch yilgacha soliqlardan ozod etilishi ko’zda tutilgan.

Mamlakat prezidenti Imomali Rahmon tashabbusi bilan 2018-yil respublikada sayyohlik va xalq hunarmanchiligini rivojlantirish yili deb e’lon qilingan.

Qo'lbola dastgohda gilamchaga tor chertayotgan ayol obrazini yaratgan hunarmand tojik juvoni
Qo'lbola dastgohda gilamchaga tor chertayotgan ayol obrazini yaratgan hunarmand tojik juvoni

Birgina Xo’jand shanrining o’zida usta hunarmandlar soni mingdan ortadi, oila a’zolarinin qo’shib hisoblaganda ular yanada ko’proqdir, demak, shuncha odam uzoq yurtlarda mehnat muhojirligiga majbur bo’lmaydilar.

Xo’jand shahrida hunarmandlar yashagan Zargaron, Kemachi, Ohangaron kabi mahallalarni keksalar hozir ham yodda tutishadi.

Yaqinda So’g’d viloyat markazi Xo’jand shahar hukumati “So’g’diyon” qasrida mahalliy hunarmandlarning ko’rigini tashkil etdi. Maqsad: avloddan avlodga o’tib kelayotgan hunarmandchilikni qayta rivojlantirish, yoshlarni qo’l hunariga qiziqtirish, o’rgatish va san’at darajasidagi qadimiy ish uslublarini saqlab qolish.

Xo’jand shahrini ikkiga bo’lib oqayotgan Sirdaryoning chap sohilida yangi qurilgan “So’g’diyon” qasri foyesida o’z ishlarini namoish etayotgan keksa va yosh hunarmandlar ishini shu kuni minglab mehmonlar tomosha qilishdi.

"Gapning ochig’i, bu erda namoish etilgan ayrim ishlar, xususan tabiiy charmdan qo’lda tikilgan poyobzallarni ko’rib, o’zim ham qiziqib qoldim. Menga loyiq poyobzalni usta kosib 130 somonga (o’rtacha 15 AQSh dollari) sotishini aytdi, bu ana shunday Turkiya molidan ikki barobar arzon", - deydi ko’rgazmada bo’lgan Qodirjon Mirsharopov kosib G’afurjon Dadaboevning ishini baholab.

Eski dastgohlarda qo'lda to'qilgan matolar
Eski dastgohlarda qo'lda to'qilgan matolar

o’rgazmada mehmon bo’lgan xotin-qizlar dugonalari qo’lidan chiqqan so’zana, iroqi do’ppi, adras va atlas matolari, marjonlar, tilla va kumush taqinchoqlar, bechik-sandiqlar, uy-ro’zg’or buymlaridan tortib oddiy ro’mollargacha qiziqib qarashdi, ular uchun bu oddiy narsadek bo’lsada, ammo sifat hamda yor’qin tabiiy bo’yoqlarning jilvalanishi alohida e’tibor uyg’otadi.

"Shu vaqtga qadar qo’limda Yevropa rusumidagi sumkacha ko’tarib yurardim, endi albatta Shamsiyaning qo’lida to’qilgan sumkalardan foydalanaman, yana kelin tushiradigan bo’lsak sep uchun albatta Dilrabo Sayfutdinovaning sehrli sandiqlaridan olaman, bunaqasini endi ko’rishim", - deydi Bo’ston shahridan kelgan Jamila Ma’rupova.

Ko’rgazmada o’zining tilla va kumush taqinchoqlari bilan qatnashgan yosh zargar juvon Mastona Rahimovaning nozik va bejirim xalqalari ko’rinishi kishini beixtiyor o’rta asrlar tarixiga etaklaydi, hunarmand qadimiy ornamentlarni o’z ishida qayta tiklashga muvaffaq bo’lgan.

Vistavka zalida namoish etilayotgan anvoyi naqshlar qurshovida jumhuriyat va Xo’jand shahri gerblari va Tojikiston xaritasi tushirilgan ajoyib so’zana-palak kishi diqqatini tortadi. Uni Akbar Mahmudov o’z qo’li bilan tikkan. Odatda bunday ishlarni ayollar bajaradi deb hisoblashadi.

"Aslida Xo’jandda eskidan eng mohir chevar va bichuvchilar erkaklar bo’lishgan, bilsangiz, Evropada ham shunday. Garchi, nafosat va didda xotin-qizlarimiz yuqori tursalarda, eski davrlarda naqqoshlik va mato to’qish, gul solishda erkaklar mohir usta bo’lishgan", - deydi hunarmand Akbar.

Yog'och o'ymakorligini kasb etgan yosh yigit o'z ishining ustasi
Yog'och o'ymakorligini kasb etgan yosh yigit o'z ishining ustasi

Ko’rgazma zalida asli farg’onalik bo’lgan Gulnora Qodirova ham qizi bilan o’z mahsulotlarini namoish etdi. U - mo’hrabof, ya’ni mayda munchoqlardan ajoyib marjonlar to’qiydi. Ularning qo’lidan chiqqan marjonlar har qanday qizni malikalardek ko’rsatadi.

Ko’hna Xo’jand hunarmandlari qo’lida to’qilgan so’zana, palak, ro’mol, gilam va matolar mintaqada doimo xaridorgir bo’lgan.

Ko’rgazmada namoish etilgan to’qimachilik matolari turfaligi bilan e’tiborli bo’lib, undagi naqsh va yo’llar Samarqand, Buxoro, Qo’qon, Marg’ilon kabi hunarmandlar shahri ustalari uslubidan farqlanib turadi.

Matolarning Zandona, Alocha, Karbos, Shohiqamish turlari jilosi va rangi bilan ajralib tursa, zardoz’likning Zamindo’zi, Guldo’zi turlari naqshlarning betakrorligi bilan e’tiborga loyiq.

Qadimda Xo’jandda chit matosiga zarb bilan naqshlar beruvchi ustalar bo’lgan, ular kasb mahoratini avolddan avlodga qoldirib kelishgan. Zamonalr o’tib, unga ehtiyoj qolmagach, hunarmandlar yo’qolib ketgan. Ammo matoga bu tur tabiiy ranglarda naqsh bersih Istravshanda saqlanib qolgan.

Ko'rgazma zalida o'rnatilgan malika haykali
Ko'rgazma zalida o'rnatilgan malika haykali

Yog’och o’ymakorligi Xo’jandda Samarqand va Buxorodagichalik bo’lmasada, hozir etishib chiqayotgan qo’li gul ustalarning ishi AQShda ham munosib bahosini olgan.

Xalq hunarmanchiligini rivojlantirish va yoshlarni bunga jalb etish nafaqat ularni ish bilan ta’min etadi, balki chet ellik sayyohlarni ham jalb etadi.

Mamlakat hukumati keyingi yillarda milliy liboslarga alohida e’tibor qaratib, mahalliy mentalitetga yot madaniyatdan chetda turishni tavsiya etmoqdaki, bu o’z novbatida xalq uslub-odobiga ijobiy ta’sirini ko’rsatmoqda. Chunki, mintaqada xotin-qizlarning kiyinish odati ularning odobini ham belgilab kelgan.

Sirdaryo sohilida eski kemachilar qatorida alohida qandolatchilar mahallasi ham bo’lgan, hozir ham bu mahllada qandolatchilar avlodi yashab kelmoqda. Ular tayorlagan nisholdo, navvot, obi navot, parvarda, kunjutli halvo, pashmak halvo va boshqa tur shirinliklar el sayillarida bozorni to’ldiradi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG