Breaking News

Namangan teatr jamoasi Qirg'izistonda


O'zbekistonlik san'atkorlar O'sh sahnalarida
O'zbekistonlik san'atkorlar O'sh sahnalarida

Janubiy Qirg’izistonda O’zbekistonning Namangan viloyat teatri gastrollari boshlandi. Tomoshalar O’sh shahri va qator tumanlarda o’tadi.

Joriy yil, shuningdek, Andijon, Farg’ona hamda Toshkent ijodiy jamoalarining safarlari kutilmoqda.

Mutaxassislarga ko’ra, ikki qo’shni mamlakat aloqalarining iliqlashuvi, ayniqsa, madaniyat sohasida sezilarli siljishlarga sabab bo’ldi, azaliy rishtalar tiklandi.

O’shdagi Bobur nomli o’zbek akademik drama teatrining zalida bo’sh joy qolmadi hisob. Sahna egalari - mahalliy artistlar ham ikkinchi tomoshaga umid bog’lab tashqarida kutmoqda.

“Ot’gan yil O’zbekiston hukumat delegatsiyasining Qirg’izistonga tashrifi chog’ida O’sh o’zbek teatri rahbariyati bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish xususida kelishib olgan edik. Yil oxirida o’shlik jamoa Namanganda mehmon bo’ldi, “Manas” spektaklini qo’yib berishdi. Endi mana bizlar tashrif buyurdik”, - dedi Namangan viloyat teatrining rahbari Ozodaxon Usmonova.

Suhbatdosh qardosh o’lkalar ijod ahlining tig’iz muloqoti madaniyat va san’at rivojiga katta hissa qo’shishiga ishonadi.

“Yorqin ufqlar ochilyapti. Ko’rasiz - O’zbekiston va Qirg’iziston ijodkorlari birgalikda katta-katta loyihalarga qo’l uradi. Teatrimizni olsak, bosh rejissorimiz Karim Yo’ldoshev O’shda asarni sahnalashtiradi. O’z navbatimizda bizlar o’shlik bastakor bilan bir spektaklimiz uchun musiqa yozish borasida kelishib oldik”, - deydi Ozodaxon Usmonova.

O’tgan yil qirg’izistonlik san’atkorlar bir necha bor O’zbekistonda bo’lishdi. Toshkentdagi Muqimiy nomli teatrning chiqishlari Qirg’izistonda olqishlar bilan kutib olindi. O’zbekiston tarafi O’shdagi Bobur teatriga yordam qo’lini cho’zdi.

Teatr direktori Nabijon Mamajonovning aytishicha, madaniyat va san’at sohasida hamkorlikning istiqboli keng.

“Masalan, O’zbekiston talantli yoshlarimiz uchun san’at oliygohlarida joy ajratishga hozirlik bildirdi. Demak, malakali kadrlarimiz safi kengayadi.Yana bir yo’nalish - ijodiy safarlar, tajriba almashish imkoni ko’payadi. Odamlarimiz har ikki o’lka madaniyati, san’atidan qanchalik bahramand bo’lsa, ma’naviy dunyomiz, qadrdonlik rishtalari shu qadar boyiydi”, - deydi suhbatdosh.

O’shdagi o’zbek teatri joriy yil kuzda o’zining yuz yillik yubileyini nishonlash taraddudida. Bayram tadbirlariga mintaqa mamlakatlaridan mehmonlar taklif qilish rejalashtirilgan. O’zbekistonlik san’atkorlar tantanalarga alohida hissa qo’shishi kutilmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG