XVF: Rossiyadagi inqiroz Markaziy Osiyoning har bir davlati uchun sinov

Rossiya 24-fevralda Ukrainaga bostirib kirganidan beri G'arbning keskin sanksiyalari ostida. Markaziy Osiyo davlatari Rossiya bilan yaqin iqtisodiy aloqada ekan, cheklovlar ta'siri beqiyos bo'ladi, deya ogohlantirmoqda Janon banki va uning tizimidagi moliyaviy institutlar.

Xalqaro valyuta fondiga ko'ra, 2021-yilda koronavirus pandemiyasi davom etganiga qaramay Markaziy Osiyoda iqtisod ancha o'ziga kelib, umumiy o'sish darajasi 5,6 foizni tashkil etgan edi. AQSh poytaxtida asoslangan va 190 davlat a'zo moliyaviy institut taxminicha, bu yil Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodi 2,6 foizga kengayadi. Inflyatsiya darajasi ko'tarilishi, xususan mahsulot narxlari va xizmatlar bahosi oshib, milliy pul yanada qadrsizlanishi kutilmoqda.

Fond bu ikki regionni birga o'rganadi va bu yil Rossiyaning Ukrainada davom ettirayotgan urushi fonida federatsiya iqtisodiyoti bilan yaqindan bog'langan Kavkaz va Markaziy Osiyo respublikalari bo'ylab vaziyat og'irlashadi.

Tashkilotning dunyoning bu qismi bo'yicha rahbari Jihod Azur "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, Rossiyaga G'arbdan berilayotgan iqtisodiy zarba hali bu davlatlarda uncha his qilinayotgani yo'q. Vaholanki, deydi u, ta'siri chuqur bo'ladi.

Ukrainaga bostirib kirgani uchun G'arbning ketma-ket va keng ko'lamli sanksiyalari ostidagi Rossiya bilan savdo qilish, eksport-import, to'lov tizimlari bilan ishlash tobora qiyinlashadi. Ukraina bilan tijorat uzila boshlagan. Qonli urush ichida yashayotgan mamlakat bilan hamkorlik qilish mashaqqatlari va bu mojaro oqibatlari har bir davlatda 2022-yilning o'rtalariga borib yaqqolroq sezilsa ajabmas.

Your browser doesn’t support HTML5

2022 Markaziy Osiyoda iqtisod yanada og'irlashadi

Buni ham ko'ring O'zbekiston Jahon banki yillik yig'inlarida: qarzlar, islohotlar

O’zbekistonda, Xalqaro valyuta jamg'armasi hisobicha, bu yilgi o’sish 3-4 foiz bo'ladi, inflyatsiya esa 12 foiz atrofida.

"Milliy pul va Rossiya rubli bilan bog'liq muammolar ham keskinlashadi, chunki moliyaviy rishtalar chuqur ildizga ega. Mintaqada Rossiya banklari ham faoliyat yuritadi. Davlatlar o'zlarini Rossiyaga nisbatan cheklovlardan himoya qilishga majbur. Bizning nazarimizda, hukumatlar ogoh, qay sohada qanday zarar ko'rilishi mumkinligi va qanday qadamlar tashlanishi kerakligini biladi", - deydi Azur.

18-24 aprel kunlari Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg'armasining yillik yig'inlarida vaziyat mamlakatma-mamlakat muhokama qilingan. Azurning aytishicha, Markaziy Osiyo hukumatlari, markaziy banklar va moliya vazirliklari, iqtisodiy taraqqiyot va savdo uchun mas'ul organlarning rahbarlari bu uchrashuvlarda asosan shu mavzu - Ukrainadagi urush va uning bilvosita ta'siri borasida gaplashgan.

Vahimaga o'rin yo'q, deydi fond yetakchi eksperti, hozir yanada strategik siyosat yuritiladigan payt.

"Neft narxi oshgan va pasaymaydi. Inflyatsiyani tushirish kerak. Savdo uchun yangi yo'llar topish kerak. Eng zarur mahsulotlarning baholari ko'tarilishiga tayyor turish zarur. Ko'rayapmiz, hukumatlar buni anglab, bosh qotiryapti. Biror davlatni sust demagan bo'lardim", - deydi Azur.

AQSh va boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Rossiyani iqtisodiy-moliyaviy jihatdan qaqshatishga bel bog'lagan. Kremlga ko'ra, G'arb va uning ittifoqchilari maqsadiga erisha olmaydi. Markaziy Osiyo davlatlari esa o'z manfaatlari haqida o'ylashi kerak.

Regional direktor deydiki, O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikistonda hukumatlar Rossiyadagi mehnatkashlardan keladigan daromad oqimi pasaymasligi yoki bunga to'siqlar qo'yilmasligi uchun harakat qilmoqda.

Rossiya va Ukrainadan don mahsulotlari va qishloq xo'jaligidan boshqa tovarlar hamda xomashyo oladigan mamlakatlar o'zga manbalar qidirmoqda.

Azur tahlilicha, markaziy banklar zarur choralar ko'rmoqda, ayniqsa Qozog'iston, Gruziya va Armaniston bu borada ildam harakatda.

Xalqaro valyuta fondining qator tavsiyalari orasida iqtisodni xilma-xillashtirish, diversifikatsiya qilish ham bor.

O'zbekiston va Qozog'iston Rossiyani tark etayotgan bizneslarni o'z bag'riga olmoqda. Axborot texnologiyasi firmalari va bu soha egalariga sharoit va imkoniyat taklif qilmoqda. Rossiyadagi inqirozdan bu davlatlar yangi jabhalar ochish uchun foydalanishga urinmoqda.

Azur nazarida hukumatlar eshikni qanchalik ochmasin, o'z sistemalarini ham himoya qilishi kerak.

"Ular ehtiyotkorlik bilan harakat qilish zarurligini biladi", - deya kuzatadi Xalqaro valyuta fondi vakili. "Amerika va Yevropa agentliklari bilan bu borada maslahatlashmoqda, tizimlarni mustahkamlash uchun yordam so'ramoqda".

Jihad Azur, Xalqaro valyuta fondining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo'yicha direktori

Hammaga sarmoya kerak, deydi Azur. Uning tashkiloti Kavkaz va Markaziy Osiyoni iqtisodiy jihatdan yaqinroq bog'lanishga undamoqda. Hamma Xitoy bilan hamkor. Hammaning Yevropada va umuman G'arbda sheriklari bor. Hamma Rossiya bilan iqtisodiy jihatdan ulangan. Davlatlar bu tajribaga tayanib, birgalikda taraqqiy etish yo'lidan ham borishi mumkin, deydi mutaxassis. Intraregional hamkorlik va tijorat. Yonilg'i savdosi va transport tizimi ustida birga ishlashlari mumkin.

Ko'plab ekspertlar esa hozirgi inqiroz sabab O'zbekiston va Qozog'istonda rahbarlar va'da qilgan islohotlar chetga surilishi mumkin deya xavotirda. Institutsional zaiflik bois va siyosiy reformalar qilish uchun irodaning shundoq ham kuchli emasligi sistematik o'zgarishlarni mutlaq to'xtatib qo'yishi mumkin.

Azur fikricha, iqtisodiy jihatdan Qozog'iston va O'zbekiston orasida salmoqli farq bor.

O'zbekistonda, deydi u, iqtisodda davlat ulushi kamayib borishi, moliya bozori va bank tizimlari erkinlashishi, xususiylashtirish jarayoni davom etishi zarur.

Kavkaz va Markaziy Osiyoda bu yili inflyatsiya 10,7 foizga chiqishi kutilmoqda

Buni ham ko'ring Rossiyaning Ukrainadagi urushi Markaziy Osiyoda qanday o'zgarishlarga yetaklamoqda?

Xalqaro valyuta fondi vakili ishonch bildirishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlarni to'xtatmaydi. Sistemarik o'zgarishlar esa hamisha vaqt qoladi, deydi Azur, ularni amalga oshirish haqiqatan ham kuchli iroda, g'ayrat va e'tibor talab qiladi, hukumatdan va xalqdan.

Qozog'istonda hukumat ayni damda Jahon banki va bu fond bilan maslahatlashgan holda yangi islohot dasturini ishga solish afarasida. Azur fikricha, bu - Qosim-Jo'mart Tokayev ma'muriyati uchun ulkan sinov.

Xalq ish o'rinlari ko'payishi, maoshlar va ijtimoiy himoya oshishi, iqtisodiy va siyosiy adolat ta'minlanishini kutmoqda. Markaziy Osiyoning ikki yirik mamlakatida aholi talablarini qondira boshlash, agar hukumatlar buni eplasa, deydi ekspertlar, mintaqaviy taraqqiyotga yetaklaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurash sust. Erkinlik va shaffoflik darajasi past. Xalqaro valyuta fondi va Jahon banki bu muammolar keng ko'lamli ekanini e'tirof etadi.

"Yaqindagi uchrashuvlarimizda hukumatlardan islohotlar yo'lidan qaytilmaydi, nohukumat sektor va xususiy sektor rivojlanishi zarur, degan gaplarni eshitdik", - deydi Azur.

Inflyatsiyani pasaytirishning hozirgi sharoitda imkoni bormi?

"Tushunamiz, inflyatsiya global jarayonlar, pandemiya singari ofatlar, ta'minot tizimlaridagi uzilishlar va talabning keskin oshishi bilan ham bog'liq. Shu bilan birga, har bir sistemaga xos kamchiliklar ham talay. Biz hukumatlar bilan moliyaviy siyosatni zamonga moslash borasida doimiy muloqotdamiz. Berayotgan tavsiyalarmiz asosli. Har bir qaror obdan o'rganilib, tub muammolarni hal etish yo'lida qilinishi kerak", - deya tushuntiradi Azur.

Your browser doesn’t support HTML5

IMF: Central Asia 2022 Economic Outlook