Dushanbeda Afg'oniston bo'yicha mintaqaviy anjuman o'tmoqda

Dushanbe

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Robert Bleyk mintaqada. Dushanbeda Afg'oniston bo'yicha mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik anjumani o'tmoqda. 23-mart kuni boshlangan tadbir 28-martda yakunlanadi. Unda Markaziy Osiyodagi barcha respublikalardan yuqori lavozimli rasmiylar ishtirok etmoqda, shuningdek, Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay.

Bleyk yig'in doirasida tomonlar bilan alohida muzokaralar olib bormoqda, shuningdek, xalqaro moliyaviy organlar va nohukumat tashkilotlarning vakillari bilan gaplashmoqda.

Maqsad - Afg'onistonni tiklashda xalqaro hamkorlikni oshirish, barcha davlatlarni bu jarayonga jalb etish.

Vashington taklif qilgan Yangi Ipak Yo'li loyihasi muhokamada. Tashabbusga Markaziy Osiyo hukumatlari, Afg'oniston, Pokiston va Hindiston turlicha darajada javob bergan. Janubiy va Markaziy Osiyo orasida shundoq ham transport va savdo aloqalari yo'lga qo'yilgan, AQSh ularning kengayishini istasa, moliya ajratsin degan bayonotlar yangragan.

Robert Bleyk, AQSh Davlat kotibi muovini

Obama ma'muriyati nazarida Afg'oniston Yangi Ipak Yo'lida markaziy o'ringa ega bo'lishi kerak. Qo'shni davlatlar esa avvalo tinchlik ta'minlansin deydi. Amerika ta'biricha esa iqtisodiy vaziyatning yaxshilanishi barqarorlik uchun xizmat qiladi. AQSh mablag' xususiy sektor va bizneslardan keladi degan umidda va yirik kompaniyalar bu tashabbusga jalb etilmoqda. Hozircha loyiha faqat qog'ozda. Lekin Amerika rasmiylari mavjud transport va savdo tizimlari jipslashib, yangi bir yo'nalish vujudga keladi deya qayd etmoqda.

Robert Bleyk 29-30 mart kunlari Hindistonda bo'ladi. Undan keyin esa Qirg'izistonga boradi. 1-3 aprel kunlari Bishkekda AQShning mintaqadagi elchi va diplomatlari bilan uchrashadi. Qirg'iziston hukumati a'zolari bilan ham uchrashuvlar rejalangan.