O'zbekiston va qo'shni davlatlar jiddiyroq e'tibor talab qilmoqda, deydi AQSh sobiq diplomatlari

Prezident Barak Obama, Oq Uy

Bugun Toshkentda yakunlangan AQSh-O’zbekiston muzokaralarida xavfsizlik, Afg’oniston, iqtisod, huquq va erkinlik haqida gap ketgan. Maqsad, deydi Amerika rasmiylari, o’zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni yo’lga qo’yish.

Yaqin o’tmishda AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatni belgilagan bir guruh arboblar va ekspertlar nazarida Qirg’izistonda 2010 yilning yozida ro’y bergan qonli voqealar mintaqaga diqqatni oshirib, Vashingtondan dunyoning bu qismiga jiddiyroq e’tibor berishni talab qilmoqda.

10 mutaxassis va sobiq diplomatlardan iborat hay’at Obama ma’muriyatiga o’z takliflarini bayon etgan.

O'zbekiston va qo'shni davlatlar jiddiyroq e'tibor talab qilmoqda, deydi AQSh sobiq diplomatlari

2001-2005 yillarda AQSh Davlat kotibi muovini bo’lib ishlagan Richard Armitaj (Armitage) bugun Armitage International degan xususiy maslahat firmasiga asos solgan.

2006-2007 yillarda AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati bo’lgan Evan Feygenbaum (Feigenbaum) ham hozirda siyosiy konsultant.

Har ikki arbob, yirik siyosiy-ilmiy kengash a'zolari, Markaziy Osiyo Amerika uchun prioritet emasligini, qolaversa Vashington mintaqa bilan til topishishga qiynalib kelayotganini tan oladi.

Richard Armitaj (Armitage), AQSh Davlat kotibining sobiq muovini

Armitaj paytida O’zbekistonda Xonobod, Qirg’izistonda Manas havo bazalari ochilgan, strategik hamkorlik shartnomalari imzolangan. Bitimlar samara bermaganini Armitaj afsus bilan tilga oladi.

Feygenbaum regionga qatnab yurgan paytda O’zbekiston bilan aloqalar sovuq bir pallada edi. Qozog’istonning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilishida Feygenbaumning hissasi katta bo’lgan. Uning aytishicha. AQSh region davlatlari mustaqillikka erishishi bilanoq kirib borgan, yordam taklif qilgan, hamkorlik qo’lini cho’zgan.

Vashingtonda jurnalistlar bilan davra suhbatida Evan Feygenbaum o’tgan 20 yilda erishilgan yutuqlar, yo’lga qo’yilgan xatolarni sanab o’tdi.

“Maqtovga arzigulik ishlarimizdan biri yoshlarga AQShda o’qish, ilm ahliga malaka oshirish uchun imkoniyat berganimiz, nodavlat tashkilotlar rivojlanishi va fuqaro jamiyati vujudga kelishi uchun harakat qilganimiz bo’ldi”,- deydi u.

Evan Feygenbaum (Feigenbaum), AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha sobiq bosh diplomati

Amerika mintaqaga investitsiya olib kirdi. Eng ko’p sarmoya Qozog’iston, neftga boy va AQSh bilan ishlashga hoziru nozir davlatga yo’l oldi. Qolgan mamlakatlarda, nisbatan olib qaraganda, Amerika kompaniyalarining ishlashi qiyinroq kechdi.

Feygenbaum hamkorlik ko’proq xavfsizlik bilan cheklanganini aytib, Amerika uchun muhim hisoblangan boshqa sohalar, jumladan huquq va demokratiya targ’iboti, regional birdamlik va savdoni yo’lga qo’yish bobida olib borilgan siyosat ish bermadi, deydi.

Mamlakatlar orasida aloqalar tarang, regional savdo ko’lami past, chegaralar yuzasidan kelishmovchiliklar talay, postlardan o’tish amrimahol, davlatlar bir-biriga ishonmaydi va eng muhimi, biror bir davlatda demokratik, qonun ustuvor, erkin tuzum va jamiyat vujudga keldi deyolmaymiz.

AQShning Davlat kotibi muovini Robert Bleyk Toshkentda 17-18 fevral kunlari o'tgan uchrashuvlarda

Obama ma’muriyatini yangi dastur bilan chiqishga undayotgan arboblar ta’biricha, Markaziy Osiyoga yangi ko’z bilan qarash vaqti yetgan.

“Zamon bizdan mukammalroq siyosat, konkret maqsad va reja talab qilmoqda”, - deydi Evan Feygenbaum.

“Xitoy regionning eng yaqin hamkoriga aylangan. Xitoy bugun ta’minotchi, kreditor, quruvchi va infratuzilmalarni yangilayotgan yirik kuch”.

Evan Feygenbaum va uning safdoshlari Amerika Xitoy bilan raqobatlashishi kerak deb hisoblamaydi. AQSh regionda hukmronlik qilish uchun kurashmagan, kurashmaydi ham, deydi Feygenbaum.

Uningcha, Rossiya va Xitoydek yirik qo’shnilar mintaqa hayotida muhimroq rol o’ynashi tabiiy. Vashington sharoitga qarab ish ko’rishidan ham hayron bo’lmaslik kerak. Afg’onistonda tinchlikka erishish strategik maqsad ekan, hamkorlik aynan u bilan bog’liq bo’lishini ham tushunish kerak, deydi u. Sarmoya qilish uchun esa bu davlatlarda zarur shart-sharoit yaratilishi kerak. O’zbekiston va Tojikiston, Jahon Bankiga ko’ra, dunyoda biznes qilish uchun eng qiyin mamlakatlar.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Toshkentda prezident Islom Karimiov bilan, dekabr 2010

Yuqorida tilga olingan muammo va to’siqlarga qaramasdan, deydi Evan Feygenbaum, Amerika bor imkoniyatdan foydalanib, Markaziy Osiyo xalqlari tayana oladigan hamkor, ishona oladigan do’stga aylanishi mumkin. Vashington, deydi u, odil boshqaruv haqida qancha gapirsa shuncha kam.

Mustaqillik va suverenitetni asrash uchun tuzum ildizi mahkam bo’lishi kerak, deydi Evan Feygenbaym, adolatli tuzum o’z fuqarolariga, fuqarolar esa bu hukumatga ishonadi. Bunga erishish uchun ko’p mehnat qilish kerak. Amerika o’z yordamini ayamasligi lozim, deydi arbob.

Amerika 2014 yilda Afg’onistondan chiqib ketsa, yana Markaziy Osiyo bilan ishi bo’lmay qoladi, unga faqat baza kerak degan qarash mavjud. Boshqalar esa AQSh inqiloblarga homiylik qilib, o’z demokratiyasini yoyishga urinmoqda deydi.

Mana shunday xavotir va shubhalarni bartaraf etish uchun, deydi Evan Feygenbaum, Vashington har bir poytaxtga o’z vakillarini tez-tez yuborib, yuqori darajada muloqot qilib turishi, shu bilan birga nohukumat tashkilotlar, faollar va ayniqsa yoshlar bilan aloqani kengaytirishi lozim.

AQsh Mudofaa vaziriligi (Pentagon) xavfsizlik, harbiy yordam va Afg'oniston bo'yicha hamkorlik ortida turgan idora

Odamlar uning asl maqsadlarini bilsin, eshitsin, ko’rsin va o’qisin. Hukumatlar bunga monelik qilishi tayin, deydi u, lekin muzokaralar, Obama ma’muriyati yo’lga qo’ygan yillik majlis-maslahatlashuvlar, mana shunday natijalarga yetaklashi kerak.

Richard Armitaj, Evan Feygenbaum va boshqa arboblar Oq Uy, Davlat departamenti va Mudofaa vazirligiga shunday nasihatlar bilan chiqmoqda:

- Amerika Markaziy Osiyodagi har bir davlat bilan ochiq muloqot yuritishi kerak.

- Rossiya va Xitoy bilan region ustidan hech qanday kurash ketmayotganini qayd etib, maqsad xalqlarga iqtisodiy va ijtimoiy yordam ko’rsatish ekanini isbotlashi kerak.

- Savdo yo’llari barpo etish, gaz quvurlari barpo etish haqida uzoq yillardan beri muhokama qilib kelinayotgan loyihalarni amalga oshirish kerak.

- Amerika ta’lim, sanoat, texnologiya, biznes va moliya sektori hamda xavfsizlik va harbiy sohada o’ziga xos madad ko’rsata oladi.

- Yevropa Ittifoqi, qolaversa Yaponiya va Janubiy Koreya singari ittifoqchilar bilan hamkorlikda ham yangi loyihalar boshlash mumkin.

- Shunday proyektlar bilan chiqish kerakki, qo’shni davlatlar bir-biri bilan ishlasin, barqarorlik – inoqlikda ekanini tushunishsin.

- Amerika Markaziy Osiyoga nisbatan ko’p-yo’nalishli strategiyaga ega bo’lsin.

- Davlatlarning o’ziga xos jihatlari hisobga olinsin, deydi ekspertlar, lekin strategiya ishonch va o’zaro hurmatga asoslansin.

http://www.youtube.com/embed/hkxDnqTwfsM