AQSh-O'zbekiston: Muzokaralardan foyda nima?

Trees destroyed by Typhoon Haiyan are seen from a military helicopter delivering aid to isolated villages north of Tacloban, Philippines.

16-17 avgust kunlari Toshkentda Amerika-O’zbekiston orasida uchinchi yillik maslahat kengashi kechdi. Xavfsizlik, Afg’oniston, qoradori savdosiga qarshi kurash, savdo va sarmoya, huquq va demokratiya hamda madaniy rishtalar muhokama qilindi.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Robert Bleyk boshchilik qilgan delegatsiyada uning yordamchilaridan tortib, Mudofaa vazirligining yuqori lavozimli rasmiylari, jumladan mintaqa bo’yicha mas’ul Klark Adams, Davlat departamentidan demokratiya, huquq va mehnat masalalari bo’yicha yetakchi diplomat Tom Melia hamda Markaziy qo’mondonlik a’zolari bo’ldi.

Shuningdek, bugun kechgan biznes forumda 50 dan oshiq biznes va kompaniyalarning vakillari ishtirok etdi. Tomonlar uchrashuvlardan mamnun. O’zbekiston davlat axborot organlari muzokaralar samarali kechdi, aloqalar kun sayin mustahkamlanib bormoqda deya bong urmoqda. Diplomatlardan ham shuni eshitasiz. Lekin amalda nimaga guvohmiz?

Bir qarashda aloqalar a’lo darajada. 15-avgust kuni kechqurun Robert Bleyk O’zbekiston rahbari Islom Karimov bilan uchrashgan. Tomonlar hamkorlik uchun bir-biriga minnatdorchilik bildirgan.

Amerika O'zbekistonda harbiy baza ochish niyatida emas, deydi Bleyk. 2014-yil oxirigacha xalqaro koalitsiya Afg'onistonni tark etadi. Lekin bu davlatni tashlab qo'ymaymiz va qo'shnilar bilan turli sohalarda birga ishlashda davom ettiramiz, deydi diplomat.



O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Vashingtondagi elchi Ilhom Ne'matov, senator Sodiq Safoyev va boshqa rasmiylar, 2011-yildagi muzokaralarda (Suratni kattaslashtirish mumkin)

Bleyk O’zbekiston hukumati haqida gap ketganida, “bizning do’stlarimiz” va “ishonchli sheriklarimiz” degan so’zlarni tilga oladi. Tan olish kerak, hamkorlik haqiqatdan ham o’tgan to’rt yil ichida ancha oldinga siljidi.

Barak Obama va uning ma’muriyati muloqotga urg’u berdi. Tomonlar turli masalalarda turlicha fikr va pozitsiyada bo’lishi mumkin, lekin AQSh barcha davlatlar bilan dialog boshlab, o’zaro manfaatlardan kelib chiqib, birga ishlasin degan ko’rsatma berildi.

Mana shu asosda Vashington nafaqat O’zbekiston balki Markaziy Osiyoning boshqa barcha respublikalari bilan yillik maslahat kengashi boshladi. Uch yildan beri yo u davlatlar yo bu davlat poytaxtida yetakchi diplomatlar, vazirlar va harbiy rahbarlar bir davraga to’planib, fikr almashadi.

Robert Bleyk deydiki, bu yig’inlar bir-birini tushunish va o’zaro ishonch yo’lida xizmat qilmoqda. O’zbekiston rasmiylaridan ham shuni eshitasiz. Lekin bu bilan nimaga erishildi? Afg’oniston bo’yicha hamkorlik kuchaydi. O’zbekiston xalqaro koalitsiyaga zarur vositalar yetkazadigan Shimoliy Ta’minot Tizimining bir qismi. Albatta bu tekin hamkorlik emas. Pentagon O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonga o’tgan yili bu xizmatlari uchun qariyb 500 million dollar haq to’lagan.

Yana bir yutuq sifatida GM-O’zbekiston avtomobilsozlik kompaniyasi tilga olinadi. Yana boshqa bir necha kompaniyalar bilan hamkorlikda boshlangan loyihalar, jumladan texnologiya sohasidagi tashabbuslar qayd etiladi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton 2010 va 2011-yillarda Toshkentga borib, Islom Karimov bilan uchrashgan edi (Suratni kattalashtirish mumkin)

Ammo, Amerika rasmiylarining ochiq tan olishicha, O’zbekiston qanchalik xohlamasin, sarmoya jalb etish bag’oyat qiyin. Respublika potensialga ega bo’lishi mumkin, ammo zarur sharoit mavjud emas. Oshkoralik yetishmaydi, korrupsiya va poraxo'rlik chuqur ildiz otgan.

Yaqinda boshlangan yana bir ish tuzumga ishonchni pasaytiradi. 9,5 million o’zbekistonlikni uyali aloqa va internet bilan ta’minlab kelgan MTS (O'zdunrobita) bir oy oldin yopildi. Aksiyalari London va Nyu-Yorkda sotiladigan, 30 foiziga amerikaliklar egalik qiladigan bu kompaniya O’zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan biznes jinoyatlarda ayblanmoqda. MTS rahbariyati barcha da’volar asossiz, hukumat bizdan qutulib, mol-mulkni musodara qilmoqchi, deydi.

Aloqalarda inson huquqlari, islohotlar va demokratiya hamisha nozik masalalar bo’lib kelgan. Amerika, erkinlik elchisi, o’z manfaatlari yo’lida avtoritar rahbariyat bilan til biriktirib, oddiy xalq dardini tinglamayapti, qonunbuzarliklarga ko’z yummoqda degan qarash keng tarqalgan.

Mahalliy faollar, chet elga chiqib ketgan muxolifat va xalqaro tashkilotlar AQSh hukumatiga murojaat qilib, prezident Karimov va uning ma’muriyati bilan uchrashuvlarda huquqni toptash hollari, siyosiy mahbuslar, qiynoqlar, so’z va matbuot erkinligi yo’qligi, paxtazorlarda bolalarni majburan ishlatish singari muammolar haqida ochiqchasiga gaplashing va hamkorlikni konkret shartlarga asoslang deya so’rab keladi.

AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk Toshkentdagi elchi Jorj Krol bilan Oqsaroyda, 15-avgust, 2012. O'zA olgan surat. (Suratni kattaslashtirish mumkin)

Robert Bleykning aytishicha, xavfsizlik va barqarorlik doimiy bo’lishi uchun demokratik jamiyat qurish kerak, inson huquqlari va qonunni hurmat qilish lozim. Amerika hukumati o’z siyosiy maqsadlariga erishish uchun repressiv hukumatlar bilan yoqadan bosh chiqargan degan tanqid Bleyk fikricha haqiqatni aks ettirmaydi. Erkinlik va oshkoralikka undash har bir muzokaraning ajralmas qismi, deydi Bleyk.

Huquq bo’yicha Human Rights Watch xalqaro tashkiloti, AQShda joylashgan yirik organ, o’tgan yili O’zbekistondan chiqarib yuborildi.

2011-yilning bahorigacha Toshkentdagi vakolatxonani boshqargan Stiv Sverdlov biz bilan suhbatda shunday deydi:

O’zbekistonda huquq bobida biror ijobiy o’zgarish ko’zga tashlanmaydi. Mamlakatdagi ahvolni yoritish uchun borgan ikki jurnalist aeroportdanoq orqaga qaytarildi. Axborot oqimi cheklangan. O’tgan oy Toshkent viloyatida bir huquq himoyachisi o’ldirib ketildi. Kim va nima uchun, juda shubhali. Paxta terimi yaqinlashmoqda. Bu yili ham hukumat Xalqaro Mehnat Tashkilotiga jarayonni kuzatish uchun ruxsat bermaydigan ko’rinadi. Bolalarni majburiy mehnatga jalb etish hollari avj oladi yana”.

Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow) chapdan, Human Rights Watch vakili (Suratni kattaslashtirish mumkin)

Maslahat kengashlarida Amerika bu muammolarni ko’tarib, rahbariyatni to’g’ri yo’lga boshlashi kerak, aks holda, bu uchrashuvlar quruq gap, deydi Sverdlov.

“Qo’shma Shtatlar yopiq eshiklar ortida prezident Karimov bilan gaplashganida ham, keng omma oldida ham xalqni qiynayotgan holatlar va xalqaro qonunlarga zid ravishda olib borilayotgan jarayonlar haqida ochiqchasiga aytsin. Xalq bilsin va ko’rsinki, Amerika huquq va erkinlik naqadar cheklanganini tomosha qilib o’tirmaydi, safsatabozlik qilmay, chora ko’radi",- deydi huquq himoyachisi.

"Karimov rahbariyatiga shuni tushuntirish kerakki, vaziyat yaxshilanmasa, aloqalar ham orqaga ketadi, hamkorlik uzoqqa cho’zilmaydi, chunki AQSh adolat va erkinlik himoyachisi. Chegaradan chiqib ketgan hukumatga sherik bo’la olmaydi bu davlat. O’zbekiston hamkorlikni kengaytirib, birgalikda ishlashni xohlasa, erkinlik uchun ham yo’l ochilishi kerak. Bu haqda axborot vositalari va keng omma oldida ham aytilishi kerak. Xalq ko’rishi, Amerika uning tarafida ekanini bilishi kerak”.

Diplomatlar huquq va erkinlik masalasi muhokamada deb qanchalik bong urmasin, deydi Stiv Sverdlov, amalda ijobiy o’zgarish yo’q. O’zbekiston xalqi nazarida Amerika hozir Afg’oniston uchungina hamkorlikni kengaytirgan. Farovonlik, oshkoralik, erkinlikka yetaklovchi ishlar qilish kerak, deydi u.