Breaking News

AQSh komissiyasi: O'zbekiston endi alohida xavotirga molik davlat emas


AQSh Xalqaro Diniy Erkinlik Komissiyasi har yili hisobot chiqarib, Kongress va Davlat departamentiga tashqi siyosat yuzasidan qator tavsiyalar beradi

AQSh Xalqaro Diniy Erkinlik Komissiyasi (USCIRF) O'zbekistonni tarixda ilk bor "alohida xavotirga molik davlat" deb hisoblamasdan Davlat departamentiga unga "maxsus kuzatuvdagi mamlakat" sifatida qarashni tavsiya qilmoqda.

Komissiya respublikachi va demokrat arboblardan iborat maxsus hay'at bo'lib, Kongress, Oq uy, Davlat departamenti va boshqa vazirliklar, shuningdek, agentliklarga tashqi siyosat bobida maslahat va tavsiyalar beradi. Komissiya - mustaqil organ, ya'ni biror vazirlik yoki agentlikka qaramaydi. Uning hisoboti qonunchilar, mutasaddilar, siyosatchilar va axborot vositalari tomonidan qo'llaniladi.

1998-yilda tashkil topgan komissiyaga ko'ra, ayni damda 14 davlat "alohida xavotirga molik davlat" deb belgilanishi kerak. Jumladan, Xitoy, Eron, Saudiya Arabistoni, Shimoliy Koreya, Tojikiston va Turkmaniston.

Toshkent, 31-avgust, 2019
Toshkent, 31-avgust, 2019

"Maxsus kuzatuvdagi mamlakat" degan ro'yxatda esa 15 davlat turishi kerak.

Komissiya a'zolari o'tgan bir yil ichida dunyo kezib, vaziyatni o'rgangan. Jumladan, uning delegatsiyasi O'zbekistonda ham bo'lib, siyosiy va diniy doiralar, shuningdek, huquq faollari va jamoatchilik bilan uchrashgan.

Jasliq qamoqxonasi yopilgani, komissiya tahlilicha, o'tgan yili hukumat tomonidan huquq himoyasi bobida tashlangan eng yirik qadam.

Davlat departamenti aslida 2019-yilning dekabrida O'zbekistondagi "ijobiy o'zgarishlarni" qayd etib, diniy erkinlik bo'yicha maqomini yangilashga qaror qilgan edi. Komissiya esa buni endi tavsiya qilmoqda.

Nadin Maenza, AQSh Xalqaro Diniy Erkinlik Komissiyasi raisi o'rinbosari
Nadin Maenza, AQSh Xalqaro Diniy Erkinlik Komissiyasi raisi o'rinbosari

"Maxsus kuzatuvdagi mamlakat" bo'lish nimani anglatadi? O'zbekiston oldida hozir diniy erkinlik borasida aynan qaysi masala turibdi?

Komissiya raisi o'rinbosari Nadin Maenza shunday javob beradi:

"Davlat departamenti O'zbekistondagi vaziyatni yaqindan kuzatmoqda va kuzatishda davom etadi. E'tiqod erkinligi himoyasi bilan mashg'ul barcha taraflar ahvolni tahlil qilib boradi. Biz O'zbeksitonda bo'lganimizda hukumat bilan ochiq gaplashdik, muammolarni muhokama qildik. Muloqot jadal. O'zbekiston hukumatida ahvolni yaxshilash uchun harakat to'xtamasligi lozim. Asosiy muammo - 1998-yilda qabul qilingan qonun. U diniy tashkilotlarni ro'yxatga olishni cheklaydi va qiyinlashtiradi. Komissiyamiz mana shu qonunni o'zgartirib, O'zbekistonda huquqiy islohotlarni jadallashtirishga chaqiradi. Umid qilamizki, bu muammo bartaraf etiladi."

Hisobotda Turkmaniston va Tojikiston hozirda diniy erkinlik bo'yicha Markaziy Osiyoda engi og'ir vaziyat hukmron jamiyatlar deya e'tirof etiladi. Komissiya Qozog'iston hukumati bilan ham ishlamoqda. Qirg'iziston bilan ham hamkorlik yo'lga qo'yilgan va bu respublika e'tiqod erkinligi borasida nisbatan erkin sanaladi.

Komissiya uchun eng xavotirli muhit Xitoyda. 1.8 million musulmonlar, xususan, uyg'urlar va boshqa elat vakillari, konsentratsion lagerlarda saqlanmoqda, majburan ishlatilib, azoblanmoqda, deyiladi hisobotda.

Boshqa tashvishlanarli holatlar:

- 910 ming musulmon Bangladeshda qochqin, chunki vatani Myanmada ularga kun yo'q.

- Shimoliy Koreya qamoqxonalarida 50 ming nasroniy bor. Ular aynan e'tiqodi uchun jazolanmoqda.

- Pokistonda musulmon bo'lmaganlarni, jumladan, xotin-qizlarni islomga majburan kiritish odat tusiga kirgan.

- Saudiya Arabistonida shialar aynan mazhabi uchun qatl etiladi.

- Rossiya, Kuba, Hindiston va Afrikaning qator davlatlarida ham dini uchun jazolanayotganlar talay.

- AQSh dini bois yurtida tahdidga uchraganlarga kamroq boshpana bermoqda. Komissiyaga ko'ra, bu ham salbiy holat, chunki e'tiqod erkinligi Amerikaning "buyuk qadriyatlaridan biri" va bosh qomus himoyasida.

Komissiya AQSh hukumatini Somalidagi al-Shabab, Nigeriyadagi Boko Haram, Yamandagi hutiylar, Afg'onistondagi Tolibon, Iroq va Suriyadagi Al-Nusra singari harakat va guruhlarga nisbatan keskin choralar ko'rishga undab keladi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi"ning yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for nearly 20 years on TV, radio and online. For the last year, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented over 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and The Atlantic. Imamova also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at the Uzbek state broadcaster in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG