Breaking News

Og'a Xon kim va u Markaziy Osiyoda nima qilmoqchi?


<!-- IMAGE -->

Og'a Xon (Aga Khan) va u yetakchilik qiladigan xalqaro tashkilot islom dunyosida ijtimoiy taraqqiyotni jadallashtirishni, ilm-fan va madaniyat sohasida hissa qo’shishni maqsad qilgan.

Lekin Og'a Xon aslida kim ekani haqida ko'pchilik bilmaydi. Biladiganlar orasida ham bu shaxs va uning tashkilotiga shubha bilan qaraydiganlar anchagina.

74 yoshli shahzoda Karim Og’a Xon IV ismoiliy imomlarining 49-avlodi. Ismoiliylar shia mazhabidagi musulmonlar bo’lib, o’zini Muhammad payg’ambarning qizi Fotima va kuyovi Ali naslidan deb biladi. Oila 1957 yilda Britaniya qirolligi, 1959 yilda esa Eron shohi tomonidan tan olingan. Og’a Xon Yevropada ulg’aygan. Shveytsariya va Amerika ta’lim dargohlarida o’qigan.

Avloddan avlodga o’tib kelayotgan boylik asosida Og’a Xon Taraqqiyot Tizimi tashkil etilib, musulmon jamiyatlariga yordam berishga ahd qilingan. Deylik, Afg’oniston uchun hozirgacha 750 million dollar mablag’ ajratilgan.

<!-- IMAGE -->

Og’a Xon G’arbda kuchli bazaga ega. Masalan, islomiy san’at va me’morchilik namunalarini asrab qolish yo’lida Garvard Universiteti va Massashusetts Texnologiya Instituti kabi nufuzli oliygohlar bilan hamkorlikda 1979 yildan beri maxsus dasturlar yuritadi.

Sam Pikens (Sam Pickens), O’ga Xon jamg’armasining Jenevadagi markaziy idorasi vakili, maqsad oddiy deydi.

“Ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy taraqqiyot – bir-biri bilan chambarchas bog’liq sohalar. Fuqarolar oyoqqa turib olishi uchun nima qilish kerakligi ustida bosh qotiramiz”,- deydi Sam Pikens.

Og'a Xon jamg’armasi siyosatga aralashmaydi.

“Boshqa tashkilotlardan farqli tomonimiz shuki”,- deydi Sam Pikens, “biz biror bir jamiyatga borib aql o’rgatmaymiz. Aynan nimaga muhtojsiz, qanday yordam berishimiz mumkin? - deb so’raymiz. Aholini qiynayotgan muammolar bilan tanishib, hukumat bilan kelishgan holda ishlaymiz”,- deydi Og’a Xon jamg’armasi xodimi.

Tashkilot Markaziy Osiyoda, Turkmanistondan tashqari barcha mamlakatlarda ishlaydi. Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonda, xususan, zamonaviy qulayliklardan uzoq tog’li hududlarda juda faol. O’zbekistonda biroz cheklangan, lekin hamkorlik bor.

Og'a Xonning niyatlarini shubha ostiga oladigan tomonlar fikricha uning tashkiloti ismoiliylar tariqatini targ'ib qiladi. Asl maqsad shialarni quvvatlash deydiganlar ham ko'p.

<!-- IMAGE -->

“Ismoiliylarni rag’batlantirishimiz sir emas”,- deydi Sam Pikens. “Og’a Xon o’z qardoshlariga yordam berishni burch deb biladi”.

“Lekin Tojikistonda bizdan ko’mak olayotganlarning hammasi ham ismoiliy emas. Qirg’iziston va Qozog’istonda butun mamlakat bo’ylab ishlaymiz. Maqsad barcha musulmonlarga birdek madad berish”, - deydi Sam Pikens.

Og’a Xon har yili turli sohalarda grantlar uchun tanlov e’lon qiladi. Bu borada ma’lumotlarni jamg’arma sayti www.akdn.org dan olish mumkin.

Jamg'arma, deydi xodimlar, Tojikistonda chuqur ildiz otib bo'lgan.

Munir Mirali (Munir Merali), Og’a Xonning Dushanbedagi vakilining aytishicha, tashkilot bu respublikaga 1990-yillardagi urush ketidan insonparvarlik yordami ko’rsatish uchun kelgan.

“Shundan beri Tojikistondamiz. Odamlar faoliyatimizdan rozi. Hukumat bilan munosabatlarimiz o’zaro ishonch va hurmatga asoslangan”,- deydi Munir Mirali.

“Kelajakda hukumat bilan hamkorlikni yanada oshiramiz deb o’ylayman, chunki bizning tashabbuslarimiz bu davlat oldiga qo’ygan maqsadlar bilan hamohang”, - deydi u.

Og’a Xon jamg’armasi xodimlari samarani baholashga shoshmaydi. Ijtimoiy taraqqiyot sekin kechadi, deydi ular, qilinayotgan ishlarga bahoni xalqning o’zi beraversin.

Og’a Xon nufuzi va uning tashkilotlari haqida yaxshi biladigan mutaxassislar nazarida sarmoya oqimi sust ekan, mana shunday jamg’armalardan foydalanib qolish kerak. Ular tashqi dunyoga darvoza; hayotni yaxshilash uchun oz bo’lsada, bir imkoniyat.

Og'a Xonni dunyoga tanitgan narsa uning boyligi emas, u homiylik qilgan musiqachilar va ular ijro etgan qo’shiq va ohanglar deyishadi.

<!-- IMAGE -->

“Buyuk Ipak Yo’li o’tgan mamlakatlarning mumtoz musiqasi va noyob cholg’u-asboblarini asrab avaylash uchun har qancha mehnat qilsak, mablag’ ajratsak arziydi”, -deydi jamg’arma vakili Feruza Nishonova (Fairouz Nishanova).

“Musiqa dunyoning bu qismlarida faqat ko’ngilochar soha emas, balki o’zlikni ifodalovchi, ma’naviyat va ma’rifatni ulug’lovchi, xalq quvonchu shodligini aks ettiruvchi, tarixni qayd etuvchi bir yo’nalish. Sovet davrida, keyinchalik mana Afg’onistonda Tolibon davrida milliy, etnik musiqa qanchalik chetga surilganini bilamiz. Og’a Xon jamg’armasi ana shu boylikni tiklashga ahd qilgan”,- deydi Feruza Nishonova.

Bu mutaxassis aslida o’zbekistonlik, ammo xorijda ulg’aygan. “Mumtoz kuy”, deydi u, “qonimga singib ketgan”.

Sharq musiqa san’ati juda boy va xilma-xil, deydi Feruza Nishonova, lekin qay yurtga bormang, uning o’ziga xos tomonlarini ko’rasiz. Millatlar bir-biridan o’rgangan, andoza olgan. Xalq og’zaki ijodining bir qismi bo’lmish baxshilik - doston aytib kuylash yoki qo’biz chalish yo’qolib borayotgan san’at turlari.

<!-- IMAGE -->

Markaziy Osiyoda, deydi Og'a Xon vakili, ustoz va shogird tushunchasi o'zgarib bormoqda. Zamonaviy uslublar qadim an'analarni siqib chiqarmasligi kerak.

“Og’a Xon jamg’armasining maqsadi oddiy - yosh avlodga uztozlik qila oladigan, qadim musiqa asboblari chalish yoki qadim uslublarda kuylashni o’rgata biladigan iste’dod sohiblarini topib, ularga buning uchun zarur sharoit yaratib berish. Toki an’anaviy kuy va ohanglar avloddan-avlodga yeta olsin. San’atkorlar yetishtirish bilan birga ommani ham milliy musiqani e’zozlashga o’rgatish kerak. Masalan, Qozog’istonda o’tgan yillar ichida bunga e’tibor va hurmat ancha oshdi”,- deydi Feruza Nishonova.

Bugun Afg’onistondan Qozog’istonga qadar o’nlab maktablar ochilgan. O’zbekistonda yo’q bo’lsada, Og’a Xon jamg’armasi uyushtiradigan xalqaro musiqa festivallarida o’zbekistonlik san’atkorlar faol ishtirok etib keladi. Ular ijro etgan musiqa albomlari, deydi Feruza Nishonova, global miqyosda sotiladi. Daromad cholg’uchi va xonandalarniki.

“Biz bilan ishlaydigan talantlarga o’z asariga mualliflik huquqini olish, ularni ro’yxatdan o’tkazish singari nozik jarayonlarni ham o’rgatamiz”,- deydi Og’a Xon jamg’armasi xodimi.

Yaqinda tashkilot homiyligida “Markaziy Osiyo Musiqasi” rukni ostida yangi kolleksiya yozildi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG