Donald Trampning Xitoy bilan savdo borasidagi tortishuvi Kanada va Meksikaga ham tarqaldi. Bu AQShning raqiblar va ittifoqchilar bilan birinchi savdo urushi emas.
Savdo siyosati hukumatlar uchun doim bahs-munozarali masala bo‘lib kelgan. Ko’pgina iqtisodchilar xalqaro savdoga qo‘yiladigan to‘siqlarni, masalan, bojxona to‘lovlari yoki eksport cheklovlarini kamaytirish hamma uchun foydali deb hisoblaydi, biroq hukumatlar savdoni oshirish va mahalliy sanoatni himoya qilish o‘rtasida siyosiy tanlovga duch keladi.
Bunday ziddiyatlar yuzaga kelganda, bir davlat tomonidan joriy qilingan savdo to‘siqlari boshqa davlatlarning ham javob tariqasida o‘z to‘siqlarini qo‘llashiga olib keladi. Buni “savdo urushi” deb ta’riflaymiz.
Sovuq urush davrida va undan keyin ham AQSh erkin savdoning bayroqdori deb ko‘rilgan, 1995-yilda Jahon Savdo Tashkilotini (JST) yaratishda yetakchilik qilgan. Ammo boshqa ko‘plab davlatlar kabi, AQSh ham tarixan va yaqin o'tmishda o’zining savdo urushlarini olib borgan.
Smut-Xauli tarif qonuni (1930)
20-asrning boshlarida AQSh iqtisodiy jihatdan katta yutuqlarga erishgan. Biroq 1929-yilda Buyuk depressiya boshlanganida, respublikachilar nazoratidagi Kongress og‘ir fermerlarga yordam berish maqsadida chet eldan import qilinadigan mahsulotlarga bojxona to‘lovlarini oshirgan. Bu ularni xorijiy raqobatdan himoya qilishga qaratilgan edi.
Iqtisodchilar va biznes yetakchilari bu qarorga qarshi chiqqan, chunki AQSh allaqachon eksport hajmi importdan yuqori bo‘lgan savdo profitsitiga ega edi. Shunga qaramay, 1930-yilda Prezident Gerbert Guver ushbu qonunni imzolab, 2 000 ga yaqin turdagi import mahsulotlariga 50 foiz va undan yuqori soliq joriy qilgan. Bu AQSh tarixidagi eng yuqori boj ko’rsatkichilaridan edi.
Qonun qabul qilingach, AQShning yirik savdo hamkorlari darhol norozilik bildirgan va 10 ta davlat javob choralarini ko‘rgan. Fransiya AQSh avtomobillariga yuqori boj joriy qilgan, Kanada esa amerikalik mahsulotlarga bojlarni oshirib, Britaniya mahsulotlari uchun soliq miqdorini pasaytirgan. Italiya va Shveytsariya esa AQSh mahsulotlarini butunlay boykot qilishga chaqirgan.
Javob choralarining ta’siri, shuningdek, Buyuk depressiyaning oqibatlari natijasida keyingi bir necha yil ichida AQSh eksporti 66 foizga kamaygan.
Tariflar oxir-oqibat 1934-yilda Prezident Franklin Delano Ruzvelt tomonidan bekor qilingan. Ularning o‘rnini alohida davlatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishilgan ikki tomonlama savdo bitimlari egallagan. O’shandan buyon Smut-Xauli tarif qonuni “qo‘shningni qashshoqlashtir” savdo siyosatiga misol sifatida keltiriladi.
AQSh-Yaponiya savdo disbalansi (1980-yillar)
Ikkinchi jahon urushida Yaponiyani mag‘lubiyatga uchratgach, AQSh uning mudofaasini kafolatlagan holda sanoati va iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlagan. Maqsad Osiyoda kommunizm tarqalishini bartaraf etish edi.
Bu strategiya juda samarali bo‘lib chiqdi. Proteksionist iqtisodiy siyosat va AQSh dollari bilan qulay valyuta kursi yordamida Yaponiya avtomobillar va elektronika kabi yuqori texnologiyali mahsulotlar eksportida yetakchi davlatga aylangan.
1980-yillarning o‘rtalariga kelib, AQShning Yaponiya bilan savdo nomutanosibligi 40 milliard dollardan oshgan. Yaponiyaning iqtisodiy ustunligi xavotir uyg‘ota boshlagan.
Savdo defitsitini hal qilish uchun diplomatik choralar qo‘llangan. Yaponiya AQShga o‘z mudofaasi uchun tayanar ekan, avtomobil va po‘lat eksportiga ixtiyoriy kvota joriy qilishga rozi bo‘lgan. Shu bilan birga, AQSh yapon yarimo‘tkazgichlariga tariflar qo‘llagan.
1985-yilda dollarni boshqa valyutalarga nisbatan qadrlansizlantirish orqali AQSh eksportini oshirish maqsadida Nyu-Yorkda ko’p tomonlama “Plaza” kelishuvi imzolangan. Ammo ushbu sa’y-harakatlarga qaramay, 1980-yillar davomida AQSh va Yaponiya o’rtasida savdo disbalansi davom etgan.
Oxir-oqibat, bu muammo savdo siyosati orqali emas, balki kengroq iqtisodiy omillar ta’sirida hal bo‘lgan. 1990-yillarda iqtisodiy-moliyaviy inqiroz Yaponiyada 10 yildan ortiq davom etgan iqtisodiy turg‘unlikka olib kelgan.
Banan urushlari (1993-2009)
20-asr davomida global banan bozori Markaziy va Janubiy Amerikadagi AQSh bilan bog‘liq kompaniyalar iznida bo’lgan. Biroq Yevropa Ittifoqi sobiq mustamlakalari bo‘lgan Karib dengizi davlatlaridan import qilinadigan bananlar uchun qulay kvotalar ajratgan.
1993-yilda beshta Lotin Amerikasi davlati va AQSh JSTga shikoyat qilgan va to’rt yildan keyin tashkilot ularning foydasiga qaror chiqargan. Yevropa Ittifoqi o‘z qoidalarini o‘zgartirgan bo‘lsa-da, bu harakat asosan yuzaki deb baholangan, muammo hal bo’lmagan.
Bunga javoban AQSh Yevropabning qariyb 200 million dollarga teng mahsulotlariga savdo sanksiyalarini joriy qilgan.
Mojaro shu tariqa 2009-yilgacha davom etgan. Yevropa Ittifoqi Lotin Amerikasi mamlakatlaridan import qilinadigan bananlarga qo‘yilgan bojlarni kamaytirishga rozi bo‘lgan. Shu bilan birga, Karib havzasi mamlakatlari Yevropa bozoriga bojxona to‘lovlarisiz kirish huquqini saqlab qolib, raqobatning kuchayishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun Yevropa Ittifoqidan bir martalik to‘lov olgan.
Po’lat tariflari (2002-2003)
Amerika po‘lat sanoati bir paytlar global ishlab chiqarishinng yarmidan ko‘pini tashkil qilgan bo‘lsa-da, 1980-yillardan beri qiynalib kelayotgan edi. 2000-yillarning boshi uning ulushi 10 foizdan ham kamaydi. Lobbichilar bosimi ostida 2002-yilda Bush ma’muriyati import qilingan po‘latga 30 foizgacha tarif joriy qilgan.
Bu qaror AQShning savdo hamkorlari, jumladan Janubiy Koreya, Rossiya va Yevropa Ittifoqining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Ular darhol javob chorasi sifatida AQSh mahsulotlariga, jumladan tovuq go‘shti, matolar va aviakompaniyalarga qarshi bojxona tariflarini joriy qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqqan.
Natijada AQShda po‘latdan foydalanadigan sanoat tarmoqlari uchun xomashyo narxlari oshgan, 200 000 ish o‘rni boy berilgan. Bu butun AQSh po‘lat sanoatida ishlayotgan ishchilarning umumiy sonidan ham ko‘proq edi. 2003-yilda JST ushbu tariflarga qarshi qaror chiqargan va ular ko‘p o‘tmay bekor qilingan.
AQSh-Xitoy savdo urushi (2018-yildan bugungacha)
Xitoy dunyo bozorlariga ochilib, 2001-yilda JSTga qo‘shilganidan so‘ng ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha gigantga aylangan. Uning AQSh bilan savdoda profitsiti o’sa boshlagan.
Bu haqda AQSh siyosatchilari, jumladan, Prezident Donald Tramp shikoyat qilib keladi. Tramp Xitoyni AQShning ochiq savdo siyosatidan foyda ko‘rishda, intellektual mulkni o‘g‘irlashda ayblaydi. Uning aytishicha, AQShda ishlab chiqarish sohalarida ish o‘rinlari qisqarishiga Xitoy sababchi.
Birinchi prezidentlik davrida Tramp Xitoy mahsulotlariga keng ko‘lamli tariflar joriy qilgan. Bu tariflar elektronik mahsulotlar, tibbiy asbob-uskunalar va mexanik qismlarni qamrab olgan. Xitoy bunga javoban AQSh sanoatlariga, jumladan, avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligiga tariflar qo‘llagan, ayniqsa, Amerika soya sanoati jiddiy zarar ko‘rgan.
Tramp prezidentligining oxirida taranglik biroz pasaygan, chunki Xitoy xorijiy investitsiya oluvchi kompaniyalar uchun mulkchilik qoidalarini yumshatishga rozi bo‘lgan. Natijada Tramp ma’muriyati rejalashtirilgan qo‘shimcha tariflarni to‘xtatgan.
Biroq Trampdan keyin prezident Jo Bayden dastlabki tariflarini bekor qilmagan, balki eksport cheklovlari va investitsiyalarga taqiq kabi qo‘shimcha savdo cheklovlarini joriy qilgan.
Bugungi savdo urushlari
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi bugun ham davom etmoqda. Prezident Tramp lavozimga kelganidan ko‘p o‘tmay Xitoy mahsulotlariga 10 foizlik tarif joriy qildi va ko'p o'tmay ustiga yana 10 foiz qo'shdi. Tramp, shuningdek, ittifoqchi davlatlarga va AQShning eng yirik savdo hamkorlari bo‘lgan Meksika va Kanadaga qarshi 25 foizlik boj to’lovlarini e’lon qilgan, ammo qarorini ikki marta kechiktirdi.
Yaponiya va Yevropa Ittifoqi misolida ko’rinib turibdiki, ittifoqchilarning mahsulotlaridan qo’shimcha soliq undirish ilgari ham kuzatilgan, biroq hozirgi tariflar nafaqat savdo masalalariga, balki undan tashqari omillarga ham bog‘liq.
Kanada va Meksika yetakchilari bilan muzokaralardan so‘ng Tramp ushbu davlatlarning chegara xavfsizligi va giyohvandlikka qarshi kurashni kuchaytirish va’dalari evaziga tariflarni vaqtincha to‘xtatgan. Chegaradan noqonuniy muhojilar va fentanil kirib kelishini to’xtatish lozimligi haqida prezident bot-bot gapirib keladi.
Xalqaro erkin savdo bo‘yicha kelishuvlar barbod bo‘lar ekan, savdo siyosati kengroq siyosiy maqsadlarga erishish vositasiga aylanmoqda.