Qirg'izistonda SPID, vrachlar xatosi va oiladagi fojealar…


Jahonda SPID kasalligiga qarshi ishlab chiqilgan vaksinalar asta samara bera boshlagan. Ularning Markaziy Osiyo mamlakatlariga qachon yetib borishi noma’lum.

Mintaqada kasallik ko’lami keng ekani tan olinadi, ammo unga yetaklovchi immunitet taqchilligi virusidan bugun qancha odam aziyat ckehayotgani haqida aniq ma’lumotlar olish qiyin.

Buning ustiga xastalikka yo’liqqanlar ko’p hollarda kamsitiladi va jamiyatdan uzoqlashadi.

Ikki yil muqaddam Janybiy Qirg'iziston kasalxonalarida 40 dan ziyod chaqaloq va bir necha ona shifokorlar xatosi va beparvoligi oqibatida VICH infeksiyaga chalingan edi.

Qirg'iziston parlamenti azosi Gulnara Derbishevaning aytishicha, hozir ular diskriminasiyaga duchor bo’lmoqda.

“Xastalarning hamqishloqlari ulardan hazar qiladi. Ko’pchilik muloqotdan qochadi, bordi-keldi qilmaydi. Atrofdagilar nazarida ushbu kasallikka faqatgina bangi va fohishalar chalinadi”, - deydi deputat.

Qonunchi ko’p oilalar buzilib ketayotgani, otalar o’z farzandlarini tashlab ketayotganiga e‘tibor qaratgan. Uning aytishicha, davlat berayotgan nafaqa - 800 qirg’iz so’mi (20 AQSh dollaridan ozroq) hech narsaga yetmaydi. Deputat Derbisheva VICHga chalinganlarga davlat miqyosida keng yordam zarur, deb hisoblaydi.

Huquqshunos Fotima Xabibullina jabrlangan bolalar va onalar manfaatlarini himoya qilib keladi. Uning nazarida davlat bu insonlarni o’z holiga tashlab qo’ygan, biron moddiy ko’makdan darak yo’q, o’z paytida chaqalog’i kasallangan xonadonlar uchun ajratilgan 10 ming so’mni (taxminan 250 AQSh dollari) hamma ham ololmagan.

O’sh viloyati Novqat tumanilik bir guruh ayollarning farzandlari shifoxonada VICHga yo’liqqan. Ba’zi onalar bolalariga yaralangan ko’kraklarini tutib, o’zlari ham kasallangan. Biz bilan suhbatga rozi bo’lgan juvon muhtojlikdan shikoyat qiladi. Uning kuyovi Rossiyada mehnat muhojiri bo’lib ishlab, uncha-muncha pul yuborib turgan. Hozirda vatanga qaytgan va bozorda sabzavot sotib bir navi tirikchilik qiladi. U farzandi va rafiqasiga qanday yordam berishni bilmaydi. Bir tomondan qari onasini boqishi kerak, uy solishi lozim. U rafiqasidan ham shubha qila boshlagan va qayerdan yuqtirib olgan bo’lsang, o’sha yoqdan davo izla, deya uydan quvgan.

O’shlik faxriy Muhammadjon O’rinboyevning aytishicha, odamlar VICH infeksiya yuqtirish hollari qayd qilingan viloyat va tuman kasalxonalarida tibbiy yordam olishdan qo’rqib qolishgan.

Rasmiy ma’lumotlarga binoan, Qirg’izistonda hozirgacha VICH infeksiyaga chalingan 2476 nafar bemor qayd qilingan. Ularning qariyb yarmi O’sh viloyatida istiqomat qiladi.

Tahlilchilar fikricha, Qirg’iziston sog’liqni saqlash tizimi ahvoli o’nglanmaguncha, kasallikning oldini olish va davolash ishlari yo’lga qo’yilmaguncha, jiddiy o’zgarishlarga umid bog’lash qiyin. O’z navbatida mahalliy shifokorlar aholini ogohlikka chaqiradi.

Respublikada taniqli doktor Mamasobir Burhonov ayrim kasalxonalarda ayrim xodimlar o’z ishiga mas’uliyatsiz qarashi, qing’ir yo’l bilan pul topish niyatida hatto ignalarni bir necha bor qo’llash hollari borligini afsus bilan tan oladi.

Bu vaziyatda har bir bemor muolaja qilayotgan shifokor harakatini diqqat bilan kuzatishi, xushyorlik hamda talabchanlik ko’rsatishi kerak bo’ladi, deydi doktor Burhonov.

Aytish joizki, VICH infeksiyaga qarshi ko’rashda Qirg’iziston asosan xalqaro moliyaviy tizimlar ko’magiga tayanadi. O’tgan yil Global jamg’arma mamlakatga ushbu maqsadda 28 million AQSh dollari ajratgan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG