Ayrim yuristlar attestatsiya qonunga xilof demoqda


Buxorolik tahlilchi, yuridik diplomga ega Shuhrat G’aniyev nazarida bugun O’zbekistonda advokatlarning attestatsiya jarayonidan o’tishga majbur etilayotgani qonunga ziddir.

Avvalgi kasbiy uyushma o’rniga tuzilgan Avdokatlar Palatasi hukumat nazorati ostidagi tashkilot sifatida ko’rilmoqda.

Rahbariyat esa advokatlarning daxlsizligi va kasbiy vakolatlarini ta’minlash harakatida ekanini bildiradi. Prezident Islom Karimovning 2008 yilning may oyidagi farmoniga binoan, respublika advokatura instituti isloh qilinmoqda.

Maqsad, deydi rasmiylar, advokatlar malakasini oshirish, ularning kasb-etika qoidalariga rioya etishini nazorat qilish; advokatlik litsenziyasi uchun talablarni kuchaytirib, yuridik xizmat sifatini yuksaltirish. Barcha advokatlar Palataga a’zo bo’lishi shart.

Shuhrat G’aniyev singari mutaxassislar, hukumat xalqning huquqiy bilimi past ekanidan foydalanmoqda, deydi. “Qonunbuzarlik avj olgan jamiyatimizda yuridik soha egalari tarqoq va bor kuchidan ayrilmoqda”,- deya afsuslanadi tahlilchi. “Amerika Ovozi” Shuhrat G’aniyev bilan suhbatda bo’ldi.

"Amerika Ovozi": Advokatlik qilish uchun O’zbekistonda avval qanday talab, tartib-qoida mavjud edi, hozir qanday?

Shuhrat G'aniyev: Eng katta farqi, bizning konstitutsiyamiz, asosiy qonunimizga ko’ra advokatlar uyushmasi bu nodavlat tashkilot deb hisoblanadi, ya’ni advokatura –mustaqil institut bo’lishi kerak. Ammo mana davlat rahbarimizning farmoni bilan umuman teskari narsa chiqayapti. Advokatlarga avval ham imtihondan o’tish talabi qo’yilgan, lekin kasbiy uyushma ichida, nizom asosida. Bu davlat tomonidan emas, uyushmaning o’zi tomonidan amalga oshirilgan.

"Amerika Ovozi": Lekin respublikada o’zi advokatlar biror davrda mustaqil ish yuritgan deya olasizmi?

Shuhrat G'aniyev: Yo’q, albatta. Buning uchun sud tizimi mustaqil bo’lishi kerak. Sovet davridan beri o’zi advokatlarimiz davlat qaramog’i ostida ishlab kelayotgan edi. Endi mana bugunga kelib yana uch-to’rt keskin talab va shartlar bilan yuzlashmoqda. Birinchidan, advokatlar uyushmasi raisining a’zolar orasida saylov o’tkazib emas, Adliya vazirligi tomonidan tayinlanishi. Ikkinchidan, kvalifikatsion komissiya a’zolarining Adliya vazirligi tomonidan tavsiya qilinishi. Uchinchidan, advokatlik qilish uchun ruxsatnomaning Adliya vazirligi tomonidan berilishi. To’rtinchidan esa endi ichki ishlar xodimlari, militsiyadan tortib prokuratura xodimlarigacha advokat ustidan shikoyat qilib, unga nisbatan akt tuzishi mumkin. Bularning hammasi advokatlarga bosim o’tkazish uchun joriy etilayotgan vositalar.

"Amerika Ovozi": Attestatsiya, test mazmuni haqida nima bilasiz?

Shuhrat G’aniyev: (Kuladi) Avvalombor bu konstitutsiyamizga butunlay xilof narsa. Noqonuniy desak ham bo’ladi. Paradoks shundaki, bu davlat rahbari farmoniga asoslanib ishlab chiqilgan narsa. Attestatsiya haqida aslida bosh qonunda biror narsa deyilmagan. Kvalifikatsion komissiyaning advokatlar uyushmasida emas, Adliya vazirligi tomonidan tanlanishi va butun jarayonning hukumat tomonidan boshqarilayotganidan bilish mumkinki, advokatlar professional jihatdan emas, rasmiy jihatdan ko’zdan kechirilmoqda.

"Amerika Ovozi": Siz mana dunyo kezgan mutaxassissiz. Bilasizki, Amerikada ham huquqshunoslik sohasini bitirgan har bir kishi kasbiy imtihon topshiradi va undan o’ta olsagina muayyan bir shtatda ishlash huquqiga ega bo’ladi. Test juda murakkab va ulardan bir necha bor qulagan odamlar ko’p.

Shuhrat G'aniyev: To’g’ri, lekin O’zbekistondagi testning eng katta farqi shundaki, bu imtihon davlat tomonidan o’tkaziladi. Avdokatlar kasbiy emas, davlat shartlariga qarab belgilangan testdan o’tishi kerak.

"Amerika Ovozi": O’zbekistonda huquq himoyachisiman deb yurganlarning ko’pi aslida biror yuridik ma’lumotga ega emas degan tanqidlarni eshitamiz. Hukumatdan norozi har bir shaxs ham huquq va qonunlar tushunavermaydi degan gaplar ham tez tez yangraydi. O’zbekistonda izlanishlar o’tkazgan ekspertlar, jumladan amerikalik ayrim sudya va mutaxassislar ham shunday xulosaga kelgan. Sizningcha, bu kabi qarashlarda biror haqiqat bormi?

Shuhrat G'aniyev: Haqiqat bo’lardi, qachonki ular betaraf maqsadlar asosida imtihondan o’tkazilsa. Adliya vazirligiga umuman tajribasi yo’q, yosh mutaxassislar kelayapti. Ana endi qarang-da, atigi 5-6 yil tajribaga ega advokat 25-30 yildan beri advokatlik qilayotgan odamdan imtihon olmoqda. Ikkinchidan, inson huquqlari himoyachilari va huquq faollarining ko’pi, albatta, yurist emas. Bu haqiqat. Ular fuqarolik jamiyati vakillari. Yuragida o’ti bor, adolat uchun gapirayotgan odamlar.

"Amerika Ovozi": Ko’pchilik advokat deganda sudga borib, ayblanuvchi huquqlarini himoya qiladigan mutaxassisni tushunadi. Lekin advokatlik aslida xalq hayotining har bir jabhasi bilan bog’liq ish, to’g’rimi? Masalan, hujjatlarni rasmiylashtirishdan tortib, yangi biznes boshlash va hokazo. Har qanday qog’oz advokat qo’lidan, ko’zidan o’tadi, shundaymi?

Shuhrat G'aniyev: Albatta. Advokatura juda muhim soha… Jamiyatimiz qonunga o’rganishi kerak. Huquq va qonun bizning asosiy qoidamiz bo’lishi kerak. Bugungi fojia shuki, biz huquq va qonunni umuman pisand qilmaydigan avlodni o’stirayapmiz.

"Amerika Ovozi": Uzoq yillardan beri yuridik sohada ishlab kelayotgan bir mutaxassis sifatida O’zbekistonda advokatlar orasida kasbiy birdamlik, integratsiya, hamjihatlik bor deb ayta olasizmi?

Shuhrat G'aniyev: Afsuski, advokatlar ham bizning jamiyatimizning bir sayqali yoki ko’zgusi desak bo’ladi. Advokatlar uyushmasining Toshkentda katta bir anjumani o’tganida, u yerda davlat rahbarining amaldagi farmoni tavsiya qilindi. Keyinchalik har xil gaplar boshlandi, “mana hukumat bizga bosim o’tkazayapti”,” bizni nazorat ostiga olayapti” degan. Nega unda bu farmonga o’sha konferensiyada ko’pchilik ovoz berdi? Birdamlik yo’q, afsuski, advokatlarning ichida.

"Amerika Ovozi": Demak, sizningcha, bu yerda gap ham hukumatda, ham bu kasb egalarining o’zida?

Shuhrat G'aniyev: Albatta. Masala nafaqat hukumatda, masala avdokatlarning o’zida ham.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG