Paxtaga talab past, O'zbekiston eksportni kamaytiradi


Bu yil jahon bo'ylab paxta savdosi 21 foizga pasayadi. Paxta bo'yicha xalqaro maslahatlashuv qo'mitasi (ICAC) berayotgan ma'lumotlarga ko'ra, bozorga chiqariladigan mahsulot miqdori 6,6 million tonnadan oshmaydi.

Eng yirik eksportchi AQSh 12 foiz, 2-o'rindagi Hindiston va 3-o'rindagi O'zbekiston esa o'tgan yilga qaraganda 40 foiz kamroq paxta sotishi kutilmoqda.

Paxtaning eng katta xaridori – Xitoy bu yil 1,5 million tonna oq oltin sotib olmoqchi xolos. Vaholanki 2008 yilda qariyb 3 million tonna import qilgan. Bu yil, mutaxassislar taxminicha, paxtaning bir kilosi jahon bozorida 1,2 dollardan oshmaydi.

Terri Taunsend (Terry Townsend), Vashingtonda asoslangan bu xalqaro tashkilotning ijrochi direktori deydiki, jahon bozorida oq oltinga talab pasaygan.

"Bu albatta O'zbekiston, Afrika g'arbidagi davlatlar, Janubiy Amerika mamlakatlari uchun shumxabar… Bu degani iqtisod va turmush zarar ko'radi. Paxtaga talab pasayganining asosiy sababi oddiy: global inqiroz paytida odamlar pulni ayab, uni kiyim-kechak emas, asosan oziq-ovqatga sarflaydi".

Bu yil paxta hosili jami 23,4 million tonnani tashkil etsa, deydi Teri Taunsend, kelasi yillar ichida bu ko'rsatkich yanada pasayadi.

Qurg'oqchilik avj olib, ob-hayot taqchil ekan, millionlab dehqonlar ko'p suv talab qiladigan paxtani tashlab, boshqa ekinlarga o'tmoqda.

43 davlat a'zoligidagi xalqaro qo'mita O'zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Eksport daromadining 60 foizi paxtadan tushadigan respublika unga 1992 yilda kirgan. "Hukumat bilan doimiy muloqotdamiz", - deydi Terri Taunsend, muassasa rahbari.

"Biz asosan O'zbekiston Tashqi savdo va sarmoya vazirligi bilan ishlaymiz, chunki paxta eksporti ular qo'lida. Bu davlat olimlari bilan hamkorligimiz bor. Mamlakatda nodir izlanishlar olib boriladi va biz, paxta bilan bog'liq ma'lumotni bir yerga to'plovchi tashkilot, bu tadqiqotlardan boxabar bo'lib turishni istaymiz".

Qo'mita shuni ham biladiki, G'arbda O'zbekiston paxtasi tilga olinganda, jamoatchilik - bolalar ekspluatatsiyasi, majburiy mehnat, qora terga botib yetishtirgan paxtasi rohatini ko'rmayotgan dehqonlarni ko'z oldiga keltiradi.

O'tgan yildan boshlab Yevropa va AQShda ayrim yirik savdo tizimlari o'zbek paxtasidan ishlangan mahsulotlar sotmaslikka qaror qilgan.

O'zbekiston hukumati a'zolari masalani izohlashdan bosh tortadi. 2008 yili bolalar huquqlarini kafolatlovchi yangi qonun kuchga kirgan. Lekin, deydi jizzaxlik dehqonlardan biri, amalda oq oltin baribir yosh avlod qo'li bilan teriladi va paxtakor ular mehnatidan foydalanishga majbur.

"Endi bu chetdanmi yoki o'zlarining insofi bilanmi, (hukumat) shunaqa bir qaror chiqardi. Lekin ertaga bu qog'ozdagi gap qoladi-yu, olib chiqinglar deyiladi. Agar bolalar termasa, paxtani teradigan odamning o'zi bo'lmaydi. Studentlarni ham chiqaradi, o'quvchilarni ham. Chunki paxta dalada yotaveradi, kerak ham bo'lmaydi unda",- deydi dehqon.

Yana bir fermerning aytishicha esa ishsizlik va yetishmovchilik zamonida ozgina bo'lsa-da pul topish uchun bolalar ham ter to'kishga majbur.

"Qishloqlarda aholi juda qashshoq yashaydi-da. Shu sababli bor-ku, bolalar paxta terimiga o'z ixtiyori bilan chiqib ketadi. Ularning oyog'iga narsa olish kerak, egniga olish kerak. O'quv qurollari deydi, baribir ota-onaga bu narsa juda og'ir…"

Jahon Banki bugun O'zbekistonda qishloq xo'jaligini takomillashtirish, jumladan yer islohoti bo'yicha dasturlar olib bormoqda. Paxta bo'yicha xalqaro maslahatlashuv qo'mitasi nazarida kelajakda vaziyat yaxshilanishiga umid bor.

Terri Taunsend hukumatga paxta sanoati uchun mas'ul alohida idora tuzishni maslahat beradi.

"Paxta yetishtirishdan tortib uni sotishgacha… O'zbekistonda bu sohani isloh qilish payti yetgan. Respublikada oq oltin hamon Sovet davridan qolgan tizim asosida yetishtiriladi. Kvotalarni yo'q qilish kerak. Dehqon uni majburan emas, xohlagani uchun va xohlagan miqdorda eksin".

O'zbekistonda har yili 1 400 000 gektarga yaqin maydonda paxta ekilar edi. Bu yil paxtazorlar 100 000 gektarga qisqarishi kutilmoqda. Dehqonlar esa rasmiy va norasmiy bosimlardan to'yib ketgan. 80 gektargacha yerni ijaraga olmasangiz, deydi ular, siz fermer emassiz.

"Paxta milliy boyligimiz deyishadi, lekin o'sha milliy boylik kimlarningdir cho'ntagiga kirib ketayapti", - deydi "Amerika Ovozi" bilan so'zlashgan paxtakorlardan biri.

"Agar boyligimiz kimlarning cho'ntagiga kirmay, tizim to'g'ri isloh qilinsa, paxta xom-ashyosi to'g'ri taqsimlanganida sharoitimiz bu darajaga yetib bormasdi. Ahvol kundan-kunga og'irlashib borayapti. Yer sho'rlanib ketgan. Uni yuvosh kerak, tozalash kerak".

Paxtakorlar, mahsulotni sotuvchi va xarid qiluvchi davlatlar nomidan gapiradigan xalqaro qo'mita ta'biricha dalada kimlar ishlashini o'sha jamiyatning o'zi muhokama qilishi va hal qilishi kerak.

"Oq oltin yetishtiradigan har bir yurtda uni qo'lda terayotganlar ko'p, bolalarni ham uchratasiz",- deydi Terri Taunsend.

Ammo ular oilasi paxta ekkani, yordam berish uchun, non topish uchun dalaga chiqadimi yoki maktablar yoppasiga yopilib hamma paxtaga haydalganmi?

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG